O‘zbekiston | 17:40 / 12.12.2020
44247
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Xonqa tumanidagi issiqxonaga tashrif buyurdi. Bu yerda bitta pomidor ko‘chati 15 metrgacha yetadi va 27 kilogrammgacha hosil beradi 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zining Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida Xonqa tumanidagi “Red star oxus” MChJ tomonidan tashkil qilingan issiqxonada bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 205 mlrd so‘mlik bu loyiha zamonaviyligi va samaradorligi bilan yetakchi hisoblanadi.

«Majmuaga kirib kelishingiz bilan qishloq xo‘jaligi va innovatsiyaning uyg‘unlashuvi sezilib turadi. Umumiy loyihaning 7 gektar issiqxona qurilishi rejalashtirilgan dastlabki bosqichi 2020 yil fevral oyida yakunlanib, mahsulot yetishtirish va eksportga chiqarish boshlangan», - deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.  

Umumiy qiymati 205,1 mlrd so‘m bo‘lgan loyihani amalga oshirishda 5 mlrd so‘m bank krediti, 10,9 mln yevro xorijiy kredit, 2 mln yevro tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari jalb qilingan. 

Ayni paytda bu yirik loyihaning ikkinchi bosqichi davom etmoqda va 2021 yilning dekabr oyida yakunlanishi rejalashtirilgan. 

Niderlandiyaning bu texnologiyasini O‘zbekistonda joriy qilayotgan kompaniya vakili Botir Coliyev quyidagicha ma'lumot berdi:

– Bu texnologiya va hosildor navlar yordamida gektaridan 700 tonnagacha hosil olish mumkin. Pomidor ko‘chatlarining uzunligi 15 metrgacha yetadi va ular 10 oy davomida uzluksiz hosil berib turadi. Bitta ko‘chatdan 25-27 kilogrammgacha pomidor olinadi. Ko‘chatlar maxsus asalarilar yordamida changlanadi va bu ham mahsulot tabiiyligini saqlashda muhim ahamiyatga ega. Har kuni o‘rtacha 10 tonna tayyor mahsulot olinadi va asosiy qismi eksport qilinadi.

Ma'lum bo‘lishicha, bugungi kunga qadar 425 tonna pomidor, 1000 tonna bodring mahsulotlari yetishtirilib, ichki va tashqi bozorga chiqarilgan.

Loyihaning birinchi bosqichi doirasida 7 gektar issiqxonada 75 ta ishchi o‘rni yaratilgan va keyingi bosqichda 8 gektar issiqxonada qo‘shimcha 150 ish o‘rni yaratiladi. Issiqxona faoliyati davomida o‘rtacha 1 gektar yerdan 670 tonna pomidor va 750 tonna bodring hosili olinadi.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid