O‘zbekiston | 10:02 / 05.01.2021
10076
2 daqiqa o‘qiladi

Chotqol va Qurama tog‘ tizmalari yonbag‘irlarida yangi arxeologik yodgorliklar aniqlandi 

2020 yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi xodimlari Angren shahar muzeyi xodimlari bilan birga Chotqol va Qurama tog‘ tizmalari yonbag‘irlarida ilmiy izlanishlar olib bordi.

Tadqiqotlar natijasida bir qator yangi arxeologik yodgorliklar aniqlandi. Jumladan, Angren vohasi Yangiobodsoy va Qorabog‘soy irmoqlari yuqori oqimi hududlarida 2ta tosh davri ustaxonasi, 2ta manzilgoh, qabr-qo‘rg‘onlar kompleksi va qoyatosh suratlari aniqlangan.

Tosh davri ustaxonalaridan chiqqan topilmalar ushbu yodgorliklarning davriy chegarasi o‘rta paleolitdan boshlanib, so‘nggi paleolitning oxirigacha davom etganini ko‘rsatdi.

Aniqlangan manzilgohlardan biri ustaxona yaqinida bo‘lib, so‘nggi paleolit davriga tegishli. Ikkinchi manzilgoh tosh davrining so‘nggi paleolit davri oxirida bo‘lgan ko‘rinadi. Topilgan yodgorliklarning davriy sanasi yer yuzasidagi topilmalar asosida chiqarilgan bo‘lib, keyingi izlanishlar masalaga aniqlik kiritishi mumkin.

Topilmalar ichida O‘zbekiston paleolitida oldin uchramagan noyoblari ham bor. Xususan, toshdan yasalgan tumor birgina O‘zbekiston uchun emas, balki jahon paleolitshunosligida ham noyob hisoblanadi.

Aniqlangan qoyatosh suratlari va qabr-qo‘rg‘onlar ushbu hududlar turli tarixiy davrlarda insonlar tomonidan faol o‘zlashtirilganini ko‘rsatadi.

Mavzuga oid