O‘zbekiston | 10:44 / 05.01.2021
8996
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand XTB inson o‘limiga sabab bo‘lgan maktab qozonxonasi portlashiga munosabat bildirdi

Foto: KUN.UZ

3 yanvar kuni yarim tunda Samarqand shahridagi 4-maktab qozonxonasida portlash yuz beradi. Oqibatda maktabda qozonxona nazoratchisi vazifasida ishlagan 50 yoshli B.H olgan tan jarohati tufayli kasalxonada vafot etadi.

Samarqand shahar Xalq ta'limi bo‘limi mazkur voqea haqida rasmiy munosabat bildirdi. Unda hodisa yuzasidan yangi tafsilotlar ma'lum qilingan.

Munosabatda yozilishicha, joriy yil 2 yanvar kuni tunda 4-maktab joylashgan Samarqand shahar «Ilmobod» MFY hududida elektr energiyasida uzilish kuzatilgan. Natijada 4-maktabning tabiiy gaz bilan ishlovchi isitish qozonlari avtomatlashtirilgan tarzda o‘chgan. Mahalla va maktabda elektr energiyasining vaqtinchalik uzilishi gaz tarmog‘ida bosimning ortishiga olib kelgan. (Aksariyat joylarda chiroq o‘chganda aholi tomonidan ishlatilayotgan gaz tortish uskunalari ham o‘chadi va gaz bosimi kuchayadi. Katta ehtimol bilan bu yerda ham shunday bo‘lgan). Natijada isitish qozonining avtomatik o‘chish-yoqish uskunasi ishdan chiqqan va undan sizib chiqqan tabiiy gaz qozonxona ichida to‘plangan.

Shundan so‘ng qozonxona nazoratchisi B.H. isitish qozonini yoqmoqchi bo‘lganida qisqa o‘t chaqnashi ortidan portlash sodir bo‘lgan. Oqibatda B.H. og‘ir tan jarohati olib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand viloyati bo‘limiga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, B.H. 2020 yil 2 noyabrdan boshlab 4-maktabga mavsumiy qozonxona ishchisi vazifasiga tayinlangan. 2 yanvar kuni B.H. navbatni qabul qilib olishda qozonxonadagi isitish qozonlari soz holatda ekanligini tasdiqlab daftarga imzo qo‘ygan.

Ta'kidlanishicha, Samarqand viloyati XTB rahbariyati tomonidan marhum B.H.ning oila a'zolari holidan xabar olingan va moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Avvalroq Samarqand viloyati IIB hodisa yuzasidan tegishli davlat idoralari tomonidan o‘rganish, surishtiruv ishlari olib borilayotganini ma'lum qilgan edi.

Mavzuga oid