Jahon | 17:08 / 25.01.2021
6783
2 daqiqa o‘qiladi

Tahlilchilar ijtimoiy tengsizlik rekord darajada o‘sishidan ogohlantirishdi

Ta'kidlanishicha, boylar uchun inqiroz nihoyasiga yetdi: dunyodagi minglab eng badavlat odamlar pandemiya sababli yo‘qotganlarini to‘qqiz oy ichida tiklab bo‘ldi.

Foto: Shutterstock

Koronavirus pandemiyasidan so‘ng tengsizlik darajasi dunyoning har bir mamlakatida o‘sadi, bu yuz yildan ortiq vaqt davomidagi kuzatishlar mobaynida birinchi marta sodir bo‘ladi. Bu haqda Oxfam xayriya tashkilotining «Tengsizlik virusi» deb nomlangan hisobotida ma'lum qilindi.

 Qayd etilishicha, «adolatsiz iqtisodiy tizim milliardlab odamlar zo‘rg‘a kun kechirayotgan retsessiya davrida o‘ta badavlat insonlarning yanada boyishiga imkon yaratadi». Tashkilotning ta'kidlashicha, boylar uchun inqiroz nihoyasiga yetdi: dunyodagi minglab eng badavlat odamlar pandemiya sababli yo‘qotganlarini to‘qqiz oy ichida tiklab bo‘ldi.

Dunyodagi eng badavlat o‘n kishining umumiy boyligi «har bir insonni emlashga ketadigan vaksina uchun pul to‘lashga va hech kim qashshoqlashib qolmasligini kafolatlashga yetib ortib qoladi», deyiladi tashkilot hisobotida.

Shu bilan birga, koronavirus mehnat bozorida 90 yildan ortiq vaqt davomidagi eng yomon inqirozni keltirib chiqardi va yuz millionlab odamlarni ishsiz qoldirdi, deyiladi hisobotda. Oxfam hisob-kitobiga ko‘ra, qashshoq odamlarning tiklanishi uchun 10 yildan ortiq vaqt kerak bo‘ladi.

Oxfam «adolatli iqtisodiyot» pandemiyadan so‘ng tez tiklanishning asosiy omili deb hisoblamoqda. Tashkilotning qayd etishicha, pandemiya davrida hammadan ko‘p foyda olgan dunyodagi eng yirik 32ta korporatsiyaning ortiqcha daromadiga vaqtinchalik soliq joriy etilishi 2020 yilda 104 milliard dollar keltirishi mumkin edi.

 «Bu esa kam yoki o‘rtacha daromadli mamlakatlardagi barcha ishchilarga ishsizlik nafaqasi hamda barcha bolalar va qariyalarga moddiy yordam ko‘rsatish uchun yetarli», — deb yozadi Oxfam.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid