Jamiyat | 09:11 / 28.02.2021
77043
2 daqiqa o‘qiladi

Chilonzordagi «Shovotlandiya» kafesiga o‘t qo‘ygan shaxs qo‘lga olindi

Toshkent shahri Chilonzor tumani Qizil Sharq mavzesi Guliston ko‘chasi 9-A uyda joylashgan «Shovotlandiya» kafesidagi yong‘in oqibatida besh kishi vafot etdi.

Ichki ishlar vazirligining qayd etishicha, dastlabki tezkor-tergov harakatlari, mazkur yong‘in hodisasi begona shaxs tomonidan qasddan amalga oshirilgani haqidagi dalillarni yuzaga chiqarib, darhol ushbu holat vazirlik rahbariyati tomonidan nazoratga olingan.

Tezkor qidiruv tadbirlari jarayonida aniqlanishicha, binoga qasddan yong‘in yetkazgan shaxs 2021 yilning 27 fevral kuni soat 03:30larda Matiz’da manzilga kelib, bino devorlariga o‘zi bilan olib kelgan shisha idishdagi suyuqlikni sepib, so‘ng yana bir idishdagi suyuqlikni bino ichkarisiga otgan va alanga chiqishini kuzatib, yong‘in sodir bo‘lganidan so‘ng voqea joyini yashirincha tark etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi «b, v» bandlari (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Olib borilgan tezkor tergov harakatlari natijasida ushbu jinoyat muqaddam Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi (juda ko‘p miqdorda bosqinchilik), 168-moddasi 3-qismi (ko‘p miqdorda firibgarlik), 127-moddasi 3-qismi (voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) bilan sudlangan Samarqand viloyati Toyloq tumanida yashovchi S.F. tomonidan sodir etilgani aniqlanib, ushlangan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Mavzuga oid