Iqtisodiyot | 19:09 / 05.03.2021
39137
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kambag‘al aholining 40 foizi 100 ming so‘mlik kutilmagan xarajatlarni ko‘tara olmaydi – Jahon banki

Ayni paytda O‘zbekiston aholisining aksariyati kambag‘allik chegarasiga yaqin darajada kun kechirayotgan bo‘lib, shuning yarmidan ko‘prog‘i jamg‘armalarga ega emas, 40 foizi esa 100 ming so‘m miqdordagi kutilmagan xarajatlarni ko‘tara olmaydi.

Foto: LiveJournal

Jahon banki pandemiya boshlangandan so‘ng O‘zbekistondagi kambag‘allik darajasi pandemiyadan avvalgi 7,4 foizdan 8,7–10 foizga ko‘tarilganini taxmin qilmoqda. Bu esa kambag‘allar soni mamlakatda 0,45–0,88 millionga ko‘payganini anglatadi.

 Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonda pandemiya tufayli kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilgarilash to‘xtab qolgan va hozir ortga qarab ketmoqda. Mamlakat aholisining aksariyati ayni paytda kambag‘allik chegarasiga yaqin darajada kun kechirayotgan bo‘lib, chegaradan tushib ketishining ehtimoli yuqori. Tashkilot mazkur aholining yarmidan ko‘prog‘i jamg‘armalarga ega emasligini, 40 foizi esa hozirgi kunda 100 ming so‘m (9,8 dollar) miqdordagi kutilmagan xarajatlarni ko‘tara olmasligini ma'lum qilgan.

Jahon banki tomonidan qabul qilingan chegara (daromad darajasi o‘rtacha kesimning quyi qismida bo‘lgan davlatlar uchun xarid qobiliyati pariteti jon boshiga bir kunda 3,2 AQSh dollarini tashkil etadi) asosida baholanganda, 2018 yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 9,5 foizni tashkil etgan. Bu hisob-kitoblar «O‘zbekiston fuqarolarini tinglab» loyihasi doirasida olingan tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘zini «kambag‘al», deb hisoblaydigan uy xo‘jaliklarining o‘z-o‘zini sub'yektiv tasniflash ko‘rsatkichlariga mos keladi.

«Davomli ijobiy o‘zgarishlarga qaramay, kambag‘allik ko‘rsatkichlarida geografik nuqtayi nazardan keskin tafovutlar kuzatilgan. Kambag‘al aholi vakillarining 79 foizga yaqini qishloq joylarda yashaydi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida kambag‘allik darajasi deyarli bir xil bo‘lsa-da, Samarqand viloyati aholisi soni nisbatan ko‘pligi sababli 2018 yilda jami kambag‘al aholi vakillarining 20 foizi u yerda istiqomat qilgan», – deyiladi manbada.

Hukumatning kam ta'minlangan aholi ulushi to‘g‘risidagi rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, kambag‘allik darajasi 2000 yildagi qariyb 28 foizdan 2019 yilga kelib, 11 foizgacha tushgan, bunda kambag‘allikning qisqarish darajasi yildan yilga pasaygan.

Avvalroq bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov pandemiya davrida mamlakatda kambag‘allik darajasi ortmagani, bu davr mobaynida aholining birorta qatlami qashshoqlikka tushmaganini aytgandi.

Shuningdek, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Erkin Muhiddinov 2020 yil yarmiga kelib, ishsizlik darajasi 13 foizdan oshib ketganini ma'lum qilgandi. Sentyabr oxirida esa bu ko‘rsatkich 11,1 foiz, 2021 yil boshida 10 foiz atrofida deyilgan.

O‘zbekistonda 2030 yilga borib kambag‘allik darajasini ikki barobarga qisqartirish bo‘yicha prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Kun.uz ham kambag‘allik va qashshoqlik o‘rtasidagi tafovutga oid maqola e'lon qilgan. Unda O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurashish chora-tadbirlari haqida ham ma'lumot berilgan.

Mavzuga oid