O‘zbekiston | 19:59 / 25.03.2021
27907
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda jamoat transporti uchun alohida ajratilgan birinchi yo‘l qanday ko‘rinishda bo‘lishi namoyish etildi (foto)

«Toshshahartransxizmat» jamoat transporti uchun alohida yo‘lakni sinovdan o‘tkazmoqchi. Rejaga ko‘ra, Toshkent xalqaro aeroportidan Bobur va Furqat ko‘chalari bo‘ylab Beshyog‘och maydoniga qadar avtobuslar uchun yo‘lak ajratiladi.

Toshkent shahridagi eng tirband va to‘rt bo‘lakdan ko‘p bo‘lgan yo‘llarning bir qismida faqat jamoat transporti harakatlanishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shahboz G‘ofurov Kun.uz muxbiriga ma'lum qildi.

Mutasaddining so‘zlariga ko‘ra, poytaxtdagi tirbandliklar yuqori va bir tarafi to‘rt yo‘l bo‘lagi (polosa)dan ko‘p bo‘lgan avtomobil yo‘llarining bir qismini jamoat transporti uchun ajratish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar ro‘yxati shakllantiriladi va jamoatchilik muhokamasi asosida Toshkent shahar xalq deputatlari kengashiga tasdiqlash uchun kiritiladi. Boshqarma tomonidan shunday ko‘chalar ro‘yxati ishlab chiqilgan.

Shuningdek, ushbu masala yuzasidan jamoatchilik fikrini aniqlash maqsadida ijtimoiy tarmoqlar orqali tushuntirish ishlari va so‘rovnomalar o‘tkazildi.

«2021 yilning 25 yanvaridan 3 fevraligacha o‘tkazilgan so‘rovnomada 3842 kishi ishtirok etdi. Ulardan 68 foizi jamoat transporti uchun alohida yo‘l bo‘lagi tashkil etishni ma'qullagan bo‘lsa, 13 foizi salbiy munosabat bildirgan, 17 foizi esa betaraf bo‘lgan», deya Shahboz G‘ofurovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning ta'kidlashicha, mazkur loyihani amalga oshirish orqali:

  • yo‘nalishdagi avtobuslarning harakatlanish tezligini 25 foizga oshirish;
  • transport vositalarining chorrahalardan o‘tishdagi to‘xtashlar sonini 3,5 tadan 1taga kamaytirish;
  • transportning ekologiyaga zararini 33 foizgacha kamaytirish ko‘zda tutilgan.

 

«Birinchi alohida yo‘lakni sinov tariqasida Toshkent xalqaro aeroport bekatidan – Seul ko‘chasi kesishmasiga qadar yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. 8 bo‘lakli ushbu ko‘chaning uzunligi 3,4 kilometrni tashkil qiladi. Bu ko‘chadagi Nukus va Shota Rustaveli ko‘chalari chorrahalari eng ko‘p tirbandlik hosil bo‘layotgan chorrahalar hisoblanadi. Bu ko‘chada 18ta avtobus, 5ta yo‘nalishli taksi harakatlanadi», deya ma'lumot berdi boshqarma vakili.

Mavzuga oid