Jamiyat | 16:05 / 27.03.2021
24941
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yana tez yordam shifokoriga og‘ir tan jarohati yetkazildi

Toshkent shahrining Mirobod tumanida yashovchi shaxs chaqiriq bo‘yicha yetib kelgan tez yordam shifokoriga hujum qilib, unga og‘ir tan jarohati yetkazdi. 

«Shu yilning 26 mart kuni soat 23:43da poytaxtimizdagi «103» dispetcherlik xizmatiga Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi 19 yoshli fuqaro A.dan chaqiriq kelib tushadi. 

Ko‘rsatilgan manzilga tez tibbiy yordam brigadasi (shifokor – 1995 yilda tug‘ilgan Bahromjon Hazratov) 7 daqiqa ichida zudlik bilan yetib boradi. Bemor ko‘rikdan o‘tkazilayotgan vaqtda to‘satdan shifokor B.Hazratovga sababsiz tashlanib, uning boshiga qattiq jism bilan urib, og‘ir tan jarohati yetkazadi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Shifokorning olgan jarohatidan kuchli qon ketayotgani sababli voqea joyidan tez tibbiy yordam avtomashinasida Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining ko‘p tarmoqli klinikasiga olib borilgan. Keyinchalik esa bemorning ahvoli yaxshi emasligi va jarohati o‘ta og‘irligi inobatga olinib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga o‘tkazilgan.

«26 yoshli tez tibbiy yordam shifokori B.Hazratov ayni paytda markazimizning neyroreanimatsiya bo‘limida og‘ir ahvolda intensiv davo muolajalarini olmoqda. U hozir og‘ir ahvolda, bemorga bosh miya yopiq jarohati, bosh miyaning o‘rta darajadagi lat yeyishi, bosh tepa va ensa sohalaridagi yirtilgan jarohat tashxisi qo‘yilgan», deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron To‘laganov. 

Dastavval, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining ko‘p tarmoqli klinikasiga olib borilgan B.Hazratovning boshidan kuchli qon ketayotgani sababli qon to‘xtatish uchun boshning tepa va ensa sohalaridagi jarohatga 4ta chok qo‘yilgan.

«Keyingi paytlarda shifokorlarga nisbatan aholi vakillarining tez-tez qo‘pol munosabatda bo‘layotgani, hatto, jiddiy tan jarohati yetkazish darajasidagi g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarni amalga oshirayotgani bor gap. Bu, albatta, barchamizni birdek ranjitadi.

Ayniqsa, yarim tun bo‘lishiga qaramasdan o‘z xizmat vazifasini sidqidildan, fidoyillik bilan bajarayotgan tez tibbiy yordam shifokorlariga nisbatan bunday munosabat ko‘rsatilishining ko‘payayotgani kishi ko‘nglini xira qiladi.

Ma'lumot uchun, Toshkent shahri tez tibbiy yordam brigadalari tomonidan shu yilning yanvar oyida 82 ming 462ta, fevral oyida 80 ming 290ta va 1 martdan to 27 martgacha 80 ming 531ta chaqiriqlarga o‘z vaqtida zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgan. O‘tgan yil ushbu tizimga mamlakatimiz bo‘yicha 11 yarim milliondan oshiq murojaatlar kelib tushgan. 

Shuncha chaqiriqqa o‘z vaqtida javob berilib, tibbiy xizmat ko‘rsatilgan. Bu bilan shifokorlarimiz millionlab odamlarning hayotini saqlab qolishga sababchi bo‘lishdi. Ana shu raqamlar ham aholi salomatligi uchun tibbiyot xodimlarining xizmati naqadar mashaqqatli va bebaho ekanidan dalolat beradi.

Albatta, aybdorlar qonun doirasida o‘z qilmishiga yarasha javobgarlikka tortiladi. Vazirlik bu uchun huquqni muhofaza qilish organlaridan aybdorlarga nisbatan tegishli jazo choralarini qo‘llashni talab etib, uni nazorat qiladi.  

Ammo oq xalat sohiblari bilan bunday holatlar bot-bot takrorlanayotgani ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimini yaxshilash, aholi orasidagi mavqeyini oshirish ishlarini yanada kuchaytirish kerakligidan qayta–qayta darak bermoqda», deyilgan SSV xabarida.

Mavzuga oid