Nukusda bir guruh fuqarolarning noroziligiga nima sabab bo‘lgani ma'lum bo‘ldi
Ijtimoiy tarmoqda Nukusda bir guruh fuqarolar ko‘chaga chiqib, yo‘lni to‘sib qo‘ygani aks etgan video tarqaldi. Kun.uz muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish uchun mas'ullar bilan uchrashdi. Ma'lum bo‘lishicha, voqea bugun, 7 aprel kuni Nukusdagi Qoraqalpog‘iston ko‘chasining Qishloq qurilish bank qarshisidagi qismida yuz bergan. 4-sektor hududidagi bir guruh fuqarolar 13:30 lar atrofida yo‘lni to‘sib qo‘yishgan.
Nukus shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori o‘rinbosari Aman Mnajovning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, holatga davlat tomonidan beriladigan yordam pullariga bog‘liq ma'lumotlarni bazaga kiritishdagi navbat sabab bo‘lgan. Ya'ni, fuqarolarning ma'lumotlarini elektron bazaga kiritishda haddan tashqari navbat ko‘payib ketgan. Bundan norozi bo‘lgan fuqarolar yo‘lni to‘sib olishgan.
Aman Mnajovning aytishicha, 4-sektor hududida yashovchi fuqarolarga tushuntirish berilib, odamlar yo‘ldan olingan. Ularga shu vaqtning o‘zida barcha xizmatlar ko‘rsatilgan.
Mnajovning qo‘shimcha qilishicha, odamlar orasida kimdir hujjatlar faqat 6-7 aprel kunlari bazaga kiritilishini aytgan. Shundan keyin, 200-300 odam yoppasiga uzun navbatni hosil qilgan. Biriktirilgan 2-3 ta xodim esa tabiiy ravishda ma'lumotlarni bazaga kiritishga ulgurmagan.
Nukus shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori o‘rinbosari nafaqa va yordam pullarini olish uchun ma'lumotlarni bazaga kiritish har oyning 16-sanasigacha davom etishini aytib o‘tdi. Bu vaqt mobaynida ular to‘liq ravishda barcha jarayonlarga ulgurishi mumkin, deydi Aman Mnajov.
Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan fuqarolar esa oldin bunday tizim yo‘qligi, barcha jarayonlar mahalla binosida amalga oshirilishini aytdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, har bir sektor hududidagi bunday jarayonlar odamlarga noqulaylik tug‘dirmoqda. Sektorga biriktirilgan xodimlar esa ming harakat qilsa ham, ma'lumotlarni kiritishga ulgura olmaydi.
Mavzuga oid
08:24 / 28.10.2024
Qoraqalpog‘istonda uch kishi is gazidan zaharlanib vafot etdi
20:47 / 26.07.2023
Nukus shahri hokimi o‘zgardi
11:25 / 30.01.2023
Nukusdagi portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni ortdi
07:34 / 30.01.2023