O‘zbekiston | 11:49 / 08.04.2021
1644
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda o‘zini «vazirlikda ishlashini» aytib tadbirkorga yer olib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida o‘zini «vazirlikda ishlashini» aytib tadbirkorga tuman markazidan yer olib berish evaziga pul olgan shaxs ushlangan. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qumqo‘rg‘on tumani bo‘limi, DXX va IIB bilan hamkorlikda tadbir o‘tkazgan. Tadbirda, o‘zini «vazirlikda ishlashini» aytib shu tumanda faoliyat ko‘rsatuvchi MChJ rahbarining ishonchiga kirib, unga biznesini rivojlantirish uchun tuman markazidan yer olib bermoqchi bo‘lgan fuqaro Z.A. ushlangan.

Qayd etilishicha, «Vazirlik xodimi» o‘z xizmati uchun tadbirkordan 8 million so‘m va 1 000 AQSh dollari so‘ragan. Mazkur shaxsning harakatlaridan shubhalangan tadbirkor bu haqda huquqni himoya qilish organlariga xabar bergan.

Hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir davomida o‘zini vazirlik xodimi deb tanishtirgan fuqaro tadbirkordan pullarni olayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid