O‘zbekiston | 17:50 / 13.04.2021
48337
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning qaysi hududlarida eng arzon va eng qimmat o‘simlik yog‘i sotilayotgani ma'lum bo‘ldi

Bugun bozorlardagi narx-navo qimmatligi, xususan, o‘simlik yog‘i narxlarining oshib ketishi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi xodimlari tomonidan joylarda o‘simlik yog‘i narxining oshib ketishi borasida monitoring ishlari olib borildi.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, monitoring natijasida o‘simlik yog‘ining 1 litri uchun eng qimmat narx Farg‘ona viloyatida aniqlangan - 18,5-25 ming so‘m. Eng arzon narx Buxoro viloyatida qayd etilgan - 17-22 ming so‘m.

Qolgan hududlarda narx quyidagicha ko‘rinish oldi:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘simlik yog‘i (1 litr) - 18-21 ming so‘m; paxta yog‘i – 13-18 ming so‘m;
  • Navoiy viloyatida o‘simlik yog‘i - 17-24 ming; paxta yog‘i - 15-20 ming;
  • Qashqadaryo viloyati - 18-20 ming; 17-20 ming;
  • Surxondaryo viloyati - 19-22 ming; 16-18 ming;
  • Jizzax viloyati - 19-21 ming; 15-19 ming;
  • Samarqand viloyati - 18-26 ming; 14-22 ming;
  • Namangan viloyati - 18-22 ming; 16,5-18 ming;
  • Andijon viloyati - 18-23 ming; 12-20 ming;
  • Toshkent shahri - 18-22 ming; 16-20 ming;
  • Xorazm viloyati - 17-22 ming; 14-17 ming;
  • Toshkent viloyati - 17-25 ming; 14-20 ming.

Avvalroq, Toshkent bozorlarida yarmarkadagi yog‘ uchun navbatlar yuzaga kelayotgani ma'lum bo‘lgandi. Toshkent shahridagi “Aviasozlar” bozorida tashkil qilingan arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasida o‘simlik yog‘iga uzun navbat yuzaga kelgan. Bozor rastalarida o‘simlik moyi 20 ming so‘mdan sotilgan bo‘lsa, yarmarkada 14 ming so‘mdan sotilgan.

Shundan so‘ng, Antimonopoliya qo‘mitasi o‘simlik va paxta yog‘lari qimmatlashi bo‘yicha izoh berdi. Qayd etilishicha, o‘simlik va paxta yog‘lari narxining keskin oshishiga jahon bozorlaridagi narxlar oshishi, o‘tgan hosil yilida yetishtirish hajmlari nisbatan kamroq bo‘lgani, qo‘shni davlatlarda kungaboqar yog‘i va urug‘i eksportiga yuqori bojxona bojlari belgilangan muddat uzaytirilishi ta'sir etgan.

Bundan oldin, Kun.uz O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i narxi oshib borayotgani yuzasidan tahliliy maqola e'lon qilgandi. So‘nggi davrda dunyo bo‘yicha o‘simlik yog‘i narxi o‘rtacha 20-25 foizga, O‘zbekistonda esa 17 foizga oshib, O‘zbekistonda o‘simlik yog‘ining oshishi kungaboqar yog‘i narxi oshishi fonida yaqqol sezildi. Mutaxassislar narx yana 30 foizga oshishini prognoz qilishmoqda.

Mavzuga oid