Jamiyat | 15:46 / 27.04.2021
52560
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat soliq qo‘mitasi deputat Rasul Kusherbayevni sudga berdi

DSQ Rasul Kusherbayevdan soliq organlariga ma'naviy zarar yetkazganligi uchun 4,6 milliard so‘m miqdorida ma'naviy zarar undirilishini va deputat ommaviy axborot vositalari orqali raddiya berib, kechirim so‘rashini talab qilmoqda.

Davlat soliq qo‘mitasi va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlari Birlashgan kasaba uyushmasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ustidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritdi.

Bunga deputatning «Human.uz» axborot portalidagi «So‘z blogerlarga» ko‘rsatuvining 2021 yil 23 fevraldagi sonida aytgan «haqoratomuz so‘zlari» sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.

Da'vo arizasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining deputatlik odobi qoidalari 22-bandida, deputat ommaviy axborot vositalarida chiqishda davlat organlari va boshqa organlarning faoliyatiga munosabat bildirganda, ularning sha'ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan qo‘pol, haqoratomuz ibora va so‘zlarni qo‘llashga, asossiz ayblovlarga yo‘l qo‘yishga haqli emasligi, agar deputatning bayonotida shunday fikrlar mavjud bo‘lsa, deputat o‘z fikrlarining yanglishligi yoki noto‘g‘riligini oshkora tan olishi hamda kechirim so‘rashi kerakligi asos sifatida ko‘rsatilgan.

DSQga ko‘ra, deputat O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 99, 100, 1021 va 1022-moddalari hamda Fuqarolik protsessual kodeksining 33, 189 va 191-moddalariga asosan davlat soliq xizmati organlari ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma'lumotlariga nisbatan ommaviy axborot vositalari orqali raddiya berishi hamda kechirim so‘rashi lozim.

Shuningdek, DSQ deputatdan soliq organlariga ma'naviy zarar yetkazganligi uchun 4,6 milliard so‘m miqdorida jarima undirilishini talab qilmoqda.

Mavzuga oid