O‘zbekiston | 11:08 / 27.04.2021
1218
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda Avstriya kompaniyasi 8,9 mln yevrolik ijtimoiy loyihani amalga oshiradi 

Foto: Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati

Namangan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Avstriya davlatining AME International GmbH (AME) kompaniyasi direktori Xayns Messinjyer boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Ushbu kompaniya tomonidan 20 dan ortiq davlatda 80 dan ziyod loyiha amalga oshirilgan. Hozirda Namangan shahridagi Kardiologiya markazini jahonning eng ilg‘or uskunalari bilan jihozlash, mahalliy mutaxassislarning tajriba almashinuvi, malakasini oshirish orqali kardiologiya va kardioxirurgiya yo‘nalishlarida nafaqat viloyatimiz, balki Farg‘ona vodiysining barcha viloyatlariga xizmat qiluvchi yangi darajaga olib chiqish bo‘yicha loyihani amalga oshirishi rejalashtirilgan. Loyiha qiymati 8,9 mln yevro bo‘lib, yuqori texnologiyali tibbiy jihozlarga asoslangan ijtimoiy loyiha hisoblanadi.

AME International GmbH (AME) kompaniyasi elektron-salomatlik departamenti boshlig‘i Olegas Niaksu kompaniya va loyiha to‘g‘risida taqdimot qildi.

Viloyat hokimi o‘z navbatida ishbilarmon hamkorlarning Namangan viloyatida sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga qaratilgan ushbu loyihasini yuksak baholadi hamda uni tezroq boshlash va amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid