O‘zbekiston | 16:44 / 28.04.2021
1700
2 daqiqa o‘qiladi

Chustda innovatsiya forumi ish boshladi

Chust tumani Madaniyat markazida “Hududlarni innovatsion rivojlantirish bo‘yicha Chust tajribasi, hududiy ilmiy-innovatsion salohiyat, erishilgan natijalar va istiqbolli rejalar tahlili” mavzusidagi hududiy forum o‘z ishini boshladi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov ishtirok etdi. Forum doirasida sohaga oid 30 dan ortiq innovatsion loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Chust tumanini innovatsion hududga aylantirish loyihasi doirasida amalga oshiriladigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan jami 7,1 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

Hududiy oliy ta'lim va ilmiy tashkilotlar tomonidan yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishga tayyorlash bo‘yicha ishlab chiqilgan jami 9 ta loyihaga 4,7 mlrd so‘m mablag‘ moliyalashtirildi. Tumanda “Innovatsion tuproq klinikasi” mobil laboratoriyasini tashkil etish uchun 884 mln so‘m ajratildi. 

Shuningdek, Chust shahrini bepul Wi-Fi (internet) bilan ta'minlashga 500  mln so‘m hamda tumanda tashkil etiladigan onkologik kasalliklarni skrining qilish innovatsion markazini tashkil etishga 907 mln so‘m, tumanning olis hududlarida joylashgan 10 ta maktablarda internetsiz ishlaydigan innovatsion kutubxona tashkil etish loyihasiga 150 mln so‘m mablag‘ sarflandi.

“Innovatsiyaga e'tibor bu, avvalo, yoshlarga, xususan, ilm-fanga bo‘lgan e'tibordir. Chunki Chust tumani innovatsion hudud nomini olishi barobarida, yoshlarning innovatsion loyihalari amalga tadbiq etiladi. Bu, avvalo, tuman ko‘rsatkichi uchun ham katta bir yutuq. Xalqaro doiradagi forumlarni ham Chustda o‘tkazish maqsadimiz bor. Bu, o‘z navbatida, yoshlar bandligini ta'minlashda katta ahamiyatga ega”, – dedi viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid