Sport | 13:11 / 28.04.2021
22135
11 daqiqa o‘qiladi

«Real» - «Chelsi»: Turlicha bo‘limlar. Benzema final masalasini keyinga qoldirdi

Zidanning birinchi bo‘lim uchun kutilmagan qarori «Real»ga xalal berdi, ammo Benzemaning golidan so‘ng o‘yin tenglashdi.

Foto: Angel Martinez/Getty Images

Madridliklar va londonliklar kuchli yomg‘ir ostida va ko‘klar jamoasining fransiyalik tayanch yarimhimoyachisining kuchli o‘yini bilan kechgan o‘yinda bir-biriga bittadan gol urdi. Chempionlar ligasi finalchisi masalasi keyingi o‘yinga qoldirildi.

Chempionlar ligasi. 1/2 final. Birinchi o‘yin
«Real» — «Chelsi» — 1:1 (1:1)
Gollar: Pulishich, 14 (0:1). Benzema, 29 (1:1).
«Real»: Kurtua, Marselo (Odriosola, 77), Varan, Nacho, Karvaxal (Asensio, 77), Eder Militao, Modrich, Kroos, Kazemiro, Benzema (Rodrigo, 90+2), Vinisius Junior (Azar, 66).
«Chelsi»: Mendi, Tiagu Silva, Aspilikueta (Jyeyms, 67), Ryudiger, Kristensen, Chilluell, Jorjinyu, Kante, Maunt, Verner (Havers, 66), Pulishich (Ziyosh, 66).
Ogohlantirishlar: Vinisius Junior, 27. Pulishich, 38. Kroos, 60. Marselo, 65. Varan, 78. Odriosola, 89.
Hakam: Makkeli (Niderlandiya).
27 aprel. Madrid. «Alfredo di Stefano» stadioni.
Javob o‘yini 5 mayga belgilangan.

Chempionlar ligasida bu ikki jamoa ilk bor to‘qnashdi. Bu ham Superliga qanchalik yomon g‘oya ekanini ko‘rsatadi. Bu turnirda bu jamoa o‘zaro o‘ynayverib, muxlislarni zeriktirib yuborgan bo‘lardi. Hozirgi holatda esa bu to‘qnashuvga qiziqish katta edi.

Kadrlar muammosi «Real»ning nafaqat tarkib borasidagi, balki sxema bo‘yicha tanloviga ham ta'sir ko‘rsatdi. Zinedin Zidan Ramos, Mendi, Vaskes va Valverde kabi futbolchilardan foydalana olmasdi, bu futbolchilarning yo‘qligi esa murabbiyni tajribalar qilishga majbur qilardi.

Zidan besh nafar nominal himoyachini va faqat ikki hujumchini tushirdi. Ammo shu bilan birga «Real» pressing uchun 3-4-3 sxemasini tanladi, xuddi «Chelsi» kabi. Vinisius, Benzema va Modrich pressingning ilk chizig‘idan o‘rin olishdi, Kazemiro va Kroos bir chiziqda joylashishdi. Bunday noodatiy joylashuv futbolchilarga noqulaylik keltirib chiqardi.

Tomas Tuxel o‘z odatiga ko‘ra 3-4-3 sxemasini tanladi, ammo unda syurprizlar ham bor edi. Pressing vaqtida hujum uchligi vakili bo‘lgan Maunt pozitsion hujumlarda ortga qaytib, Kante bilan bir chiziqda joylashdi va sxema 3-5-2 ko‘rinishiga o‘zgardi. U ham, Kante ham to‘pni orqaroqdan olib chiqishdi, hujumning yakuniy bosqichida oldinga o‘tishdi.

Tarkibda ham kichik syurpriz bor edi. Odatda markaziy himoya uchligida o‘ynagan Aspilikueta fulbek rolida tushdi. Qolgan holatlarda Tuxelning tanlovi oldindan ma'lum edi. Kovachich yo‘qligi tufayli tayanch zonasini Kante va Jorjino juftligi band etdi, Pulishich va Verner juftligi o‘yinni boshlang‘ich tarkibda boshladi.

«Chelsi» birinchi bo‘limning birinchi yarmida to‘liq ustunlik qildi. Asosiy sabab — ikkita: londonliklarning o‘zi a'lo o‘yin ko‘rsatgani va «Real» futbolchilarining pozitsion tushunmovchiliklari. Mehmonlar to‘pni juda yaxshi harakatlantirishdi, uni osonlik bilan hujum vakillariga yetkazib berishdi, to‘p yo‘qotilganda tezda pressing uyushtirildi va bu ham navbatdagi xavfli vaziyatlar manbayi bo‘ldi. O‘yinni nazorat qilishdagi sifatni qayd etish kerak: Maunt o‘yinning 41-daqiqasigacha birorta noaniq pas bermadi! U va Pulishichda birinchi bo‘lim yakunlariga ko‘ra paslar aniqligi 90 foizdan yuqori bo‘ldi — Pulishich uch marta sheriklarini zarba berish nuqtasiga chiqardi.

Yana bir futbolchini e'tirof etish kerak — Kante. Lempard davrida zaxira o‘rindig‘iga o‘tirib qolgan bu futbolchi yana porlay boshladi. U tayanch yarimhimoyasidagi ishini to‘xtatmagan holda, kutilmaganda Kovachichning vazifalarini o‘z zimmasiga oldi va to‘pni oldinga yetkazib berish bilan shug‘ullandi, u nafaqat oldinga paslar uzatdi, balki raqib jarima maydoni atrofida to‘p bilan faol harakatlandi ham. O‘yin davomida u olti marta raqiblarni muvaffaqiyatli aldab o‘tdi. U o‘z zonasida barcha to‘p uchun kurashlarda yutib chiqdi, mehmonlarning maydon markazida markaziy havbeklar soni bo‘yicha kamligini sezdirmadi - bu orqali maydon markazini raqib nazorat qilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Foto: David Ramos/Getty Images

«Real» birinchi bo‘limning katta qismini yangi sxemaga moslashish uchun sarflab yubordi. Uning ustiga, bu sxema o‘xshamadi. Masalan, Modrich, Benzema va Vinisius har doim ham himoyachilarni o‘z vaqtida zararsizlantirishga ulgurmadi. Gol urilgan vaziyatda Modrich shunchaki vaziyatdan uzilib qoldi va Ryudigerdan bir necha qadam masofada unga xalal bermay turdi, undan tashqari mezbon futbolchilar oldinroqda joylashgan hamda himoyachilar ortida katta bo‘shliq yuzaga kelgandi. Ryudiger bundan foydalandi va Pulishichga to‘pni yetkazib berdi.

«Real»ning ikkinchi zaif tomoni — aynan shu zonalar masalasi bo‘ldi. Marselo va Kroos pozitsiyalari tutashgan joy. Bu zonaga Kante doimiy ravishda yorib kiraverdi, Kroos va Marselo esa Modrichning gibrid pozitsiyasi va 3-4-3 sxemasidan 3-5-2 sxemasiga o‘tish murakkabligi sharoitida Kanteni kim kutib olishi borasida kelisha olmay, soniyalarni yo‘qotishardi.

«Chelsi» birinchi soat ichida ko‘proq gol urishi ham mumkin edi. Bunga Vernerning vaziyatlardan foydalana olmasligi omilidan tashqari (u yana bir necha qulay vaziyatlarni yo‘qqa chiqardi, vaziyatlardan birida bir necha qadam masofada turib to‘pni Kurtuaning o‘ziga tepdi), qarshi hujumlarda sovuqqonlik yetishmagani ham sabab bo‘ldi. «Chelsi» to‘pni raqibdan olib qo‘ygach, hujumga o‘tishga shunchalar shoshildiki, hujum vakillari to‘pga yetib bora olmay qolishdi va gol urish mumkin bo‘lgan qarshi hujumlar ba'zida zarba berishgacha ham yetib bormadi.

«Chelsi»ning to‘liq ustunligi yarim bo‘lim davom etdi va bu ustunlik taktik o‘zgarishlar tufayli emas, tasodifiy epizod tufayli yakunlandi. «Real» burchak zarbasini amalga oshirdi, Marselo (u bo‘lim davomida sezilmayotgandi) uzoq burchak tomon to‘pni uzatdi, u yerda Kazemiro havoda to‘p uchun kurashda ustun keldi va to‘pni markaz tomonga tashlab berdi, bu yerda Militao to‘p uchun kurashda yutib chiqdi, yakunda to‘p undan bir metr masofada turgan Benzemaga kelib tushdi, unda vaziyatni baholash uchun bir lahza bor edi. Bu yaqqol golli vaziyat emasdi, ammo Benzema uni golga aylantirdi. U ikkinchi qavatda uchib yurgan to‘pni boshi bilan o‘ziga bo‘ysundirib, chalqancha holatda zarba berdi.

Foto: Gettyimages.ru/Susana Vera; 

Benzema goldan keyin darhol maydon markazi tomon chopdi. U maydonning o‘z jamoasi qismiga birinchi bo‘lib yetib bordi.

Bu golning «Chelsi» futbolchilaridagi ishonchga qay darajada ta'sir ko‘rsatganini aniq baholash qiyin, ammo to‘p harakati tezligi hisob tenglashgandan keyin keskin tushib ketdi. Shu goldan keyin «Real»ning pressingi samarali bo‘la boshladi. Goldan keyin o‘yin tenglashdi va bo‘lim oxirigacha tomonlarda yaqqol golli vaziyatlar yuzaga kelmadi.

Tanaffusda Zidan pressing-rejani ishlab chiqdi. Aniqrog‘i, oldingi chiziqda birma-bir pressing qilishdan voz kechildi. Modrich va Kroos vaziyatdan kelib chiqib harakatlana boshladi,  Kazemiro esa butun maydon kengligi bo‘ylab ularni ortdan qo‘llab-quvvatlab turdi. Bunday o‘yin bu uchlik uchun odatiy o‘yin hisoblanadi, shu tufayli «Real» endilikda maydon markazida nazoratni qo‘lga oldi.

Ikkinchi bo‘lim o‘yin boshidan kutilgan tarzda kechdi. «Chelsi» ehtiyotkorlik bilan o‘ynab, raqibga hatto burchak zarbasi ijro etish huquqini bermaslikka harakat qildi, «Real» esa to‘pga egalik qilishda ustunlik qildi, lekin jamoaga funksional tayyorgarlik yetishmadi.

Murabbiylarning sekin o‘yinini futbolchi almashtirishlar biroz tezlashtirdi. Zidan avval Vinisius o‘rniga Azarni, keyin Karvaxal va Marselo o‘rniga Odriosolo hamda Asensioni tushirdi. Tuxel o‘yinning bir soatdan ortiq qismi o‘tganida birdaniga uch futbolchini almashtirdi Ziyosh, Havers va Jyeyms Verner, Pulishich va Aspilikuetaning o‘rnini egalladi.

Tanaffusdan keyin «Chelsi»da yagona xavfli vaziyat bo‘ldi — qarshi hujumni Varan Haversni jarima maydoniga kirishda yiqitib to‘xtatdi. Tanaffusdan keyin «Real»da bittagina xavfli vaziyat bo‘ldi — burchak zarbasidan keyin Nacho zarba berdi, uni Kazemiro darvozaga to‘g‘rilab yuborishi mumkin edi, ammo ulgurmadi.

Ikkinchi bo‘lim tomoshabop kechmadi. Tuxelning «Chelsi»si bo‘lim boshidanoq hisobni saqlash uchun o‘ynab, qarshi hujumlar uyushtirish imkoniyatini poyladi. «Real» ham yarim himoyadagi Kroos va Modrich, qanotlardagi Karvaxal va Marselo bilan hali yuqori templi o‘yin namoyish etishga tayyormasligini ko‘rsatdi.

Birinchi bo‘lim kutilmagan tarzda yoqimli bo‘lgandi. «Chelsi» ilk 20 daqiqalikda shunday futbol namoyish etdiki, millionlab muxlislar shunday lahzalar uchun bu o‘yinni yaxshi ko‘rishadi. Benzema esa ikki soniyada o‘yinda burilish yasadi. Final masalasi hal bo‘lmadi. Bu esa — o‘yinning eng yaxshi yakunidir. «Real» va «Chelsi»ning imkoniyatlari hali ham tengligicha qolmoqda, bu esa bir haftadan keyingi o‘yinni qiziqarli qiladi.

Mavzuga oid