Jamiyat | 18:40 / 03.05.2021
11933
2 daqiqa o‘qiladi

Gyunel Aliyeva ishi bo‘yicha Jizzax sudlari sudyalariga xizmat tekshiruvi tayinlandi

Jizzaxlik tadbirkor ayol Gyunel Aliyevaga nisbatan nohaqlik qilgan sudyalarga xizmat tekshiruvi tayinlandi.

Sudyalar oliy kengashi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, jizzaxlik tadbirkor ayol Gyunel Aliyeva ishi bo‘yicha maqolalar Sudyalar oliy kengashida ko‘rib chiqilib, maqolalarda tilga olingan holatlarni o‘rganish, shundan kelib chiqqan holda sudyalarning xatti-harakatlariga baho berish yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan va natijasi haqida qo‘shimcha axborot beriladi.

Avvalroq Kun.uz saytida «Tanqiddan so‘ng: Oliy sud Jizzax quyi sudlaridagi mantiqsizlikka chek qo‘ydi. Ammo...», «Tadbirkor Gyunel Aliyeva ishi bo‘yicha yana bir nohaqlik barham topdi. Jizzaxlik sudyalar o‘z xatolarini tuzatdi» sarlavhali maqolalar e'lon qilinib, ularda onlayn auksiondan ko‘chmas mulk sotib olib, Jizzaxdagi sudyalarning mantiqsiz qarorlari sabab muammolar girdobiga kirib qolgan tadbirkor ayol Gyunel Aliyevaning huquqlari Oliy sudda tiklangan bo‘lishiga qaramay, Jizzaxdagi sudlarda navbatdagi «ko‘zbo‘yamachiliklar» boshlangani, keyinchalik jizzaxlik sudyalar o‘z xatolarini tuzatgani haqida yozilgandi.

Shularga asosan maqolada mazkur ishni ko‘rgan har ikki instansiyadagi sudyalar ish bo‘yicha haqiqatni qaror toptirishni xohlamagani sababli tadbirkor ayol Gyunel Aliyevaning yillab sarson bo‘lgani va avvalgi qarorni yangi ochilgan holat bo‘yicha bekor qilish ularning aybini yuva olmasligi ta'kidlanib, kim haq, kim nohaqligini ko‘rib turib g‘ayriqonuniy qaror va ajrimlar chiqargan sudyalarning intizomiy javobgarligi masalasi Sudyalar oliy kengashida ko‘rib chiqilishi kerakligiga urg‘u berilgandi.

Mavzuga oid