O‘zbekiston | 22:04 / 14.05.2021
23088
4 daqiqa o‘qiladi

«Kamchiliklar ko‘p, lekin vaqt kerak» - Prezident Kun.uz muxbiri bilan gematologiya va onkologiya sohasi muammolari haqida gaplashdi

Prezident muammolarni bir qaror bilan hal qilib bo‘lmasligi, buning uchun qarorlar ijrosi nazorati muhimligini qayd etib, bu ishda ko‘makchi sifatida OAV vakillariga ishonch bildirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Uchtepa tumaniga tashrif chog‘ida jurnalistlar bilan suhbatda bo‘ldi.

Kun.uz muxbiri, asli mutaxassisligi shifokor bo‘lgan Abror Zohidov Gematologiya va onkologiya shifoxonalaridagi bemorlarga zarur bo‘lgan murakkab operatsiyalar yurtimizda amalga oshirilmasligi, ularda davolanish uchun mablag‘ yetmasligi sabab xayriyalar uyushtirilishi, muammolar ko‘pligi haqida gapirdi. Jurnalist ko‘plab bemorlar onkologik va gematologik kasalliklardan davolanish uchun xayriya so‘rab kelishi, endilikda operatsiya xarajatlarining 50 foizini davlat to‘lab berishini eshitib, juda xursand bo‘lganini aytdi.

O‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyev doim ushbu kasallikka chalingan yurtdoshlarimizga qanday yordam berishni o‘ylab yurishini, bugun ham bemor bolalar bilan suhbatlashganda yig‘laganini, yangi tizim asosida davlat ularga yordam berishi, buning uchun kerakli mablag‘lar ajratilishini qayd etdi. Bu boradagi qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun xorijdan kerakli uskunalar olib kelinib, viloyatlar markazlarida ham maxsus shifoxonalar tashkil etilishi ma'lum qilindi.

«Meni ham anchadan beri qiynab yurardi onkologiya va gematologiya bo‘yicha muammolar. Bizda tana a'zolarini ko‘chirish sohasida mutaxassis ham yo‘q, markaz ham yo‘q, uskunalar ham yo‘q. Shuning uchun bu borada katta tajribaga ega Rossiya, Koreya, Germaniyadan uskunalar olib kelib hamma viloyatda markazlar ochamiz. Faqat Toshkentda emas, Toshkent viloyatida ham tashkil qilamiz. Toshkentda 10 gektarga yaqin joy ajratib eng zamonaviy markaz tashkil qilamiz», dedi prezident.

Davlat rahbari respublikada poytaxtdan boshqa joylarda gematologik va onkologik kasalga chalingan bemorlarni davolash uchun sharoitlar yetarli emasligini ta'kidlar ekan, mustaqillikning kelgusi yilida yurtimizda shunday markaz qurib bitkazilishini ma'lum qildi.

«Ayollarimizni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tizimi mutlaqo o‘zgarishi kerak. Ko‘rikdan o‘tish shart bo‘lishi kerak. Onkologik kasalliklar qancha kech aniqlansa shuncha og‘irlashadi. Shunday ulug‘ ayyom kunlarida katta rejalar qabul qildik, kelasi yil niyatimizga yetamiz Xudo xohlasa», dedi u.

Shavkat Mirziyoyev sohalarda hali kamchiliklar ko‘pligini, ammo umid va ishonch bilan harakat qilinsa, albatta natija bo‘lishini ta'kidladi.

«Ishonch hosil qilishlaring kerakki, yo‘limiz to‘g‘ri. Kamchilik juda ko‘p, lekin bizga katta vaqt kerak. Ongli ravishda vatanni sevish, vatanga xizmat qilish kerak.

Albatta, o‘nqir-cho‘nqir bo‘lganday, hamma sohada birdaniga hammasini tuzatib bo‘lmaydi.

Bir kunda prezident qarori bilan hammasi zo‘r bo‘lganda edi, har kuni qaror qabul qilardim. Ming afsus, qaror qabul qilib, orqasidan o‘zim yurishim kerak. Chunki meni ijro, sifat, tartib-intizom, mas'uliyat qiynaydi.

Sizlar bilan birga shularni joyiga qo‘ysak, mas'ullar bilan ko‘proq muloqotda bo‘lsangiz, har kuni ertalab «Abror kelsa nima deyman?» deb turishsa, o‘ylaymanki, hammasi yaxshi bo‘ladi», deya jurnalistlarga ishonch bildirdi prezident.

Mavzuga oid