O‘zbekiston | 14:19 / 25.05.2021
4995
2 daqiqa o‘qiladi

2020 yilda 14,5 milliondan ziyod bemor shoshilinch tibbiy yordam tizimiga murojaat qilgan

Bugun, 2021 yil 25 may kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Shoshilinch va tez tibbiy yordam: kafolatli, ishonchli va sifatli xizmat” mavzusidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron To‘laganovning ma'lum qilishicha, shoshilinch tibbiy yordam tizimi (ShTYoT) sog‘liqni saqlash sohasidagi eng yirik va o‘ta kuchli ijtimoiy ahamiyatga ega tuzilma hisoblanadi. 

2020 yilda ushbu tizim muassasalariga jami 14,5 milliondan ziyod bemorlar murojaat qilgan bo‘lib, shulardan 11,0 millionga yaqini tez tibbiy yordam “103” xizmati (TTYoX) bo‘yicha va 3,5 millionga yaqini statsionar tuzilmalarga murojaat qilishgan. 2021 yilning 5 oyi mobaynida umumiy murojaatlar soni 4 milliondan ortiqni tashkil etdi, 1,1 milliondan ziyod bemorlarga statsionar muassasalarda yordam ko‘rsatilgan. 

“RShTYoIM, uning filiallari va subfiliallarida yiliga 217 mingdan ortiq bemorga statsionar sharoitda murakkab xirurgik amaliyotlar o‘tkaziladi, undan tashqari yana 268,1 mingdan ortig‘iga ambulator amaliyotlar bajarilmoqda. 

TTYoXning avtotransport bilan to‘liq ta'minlanishi brigadalarning chaqiriqlarga kechikish holatlarini sezilarli kamaytirdi. Kechikish holatlarini yanada kamaytirish va iloji boricha bartaraf qilish maqsadida mavjud 2685 brigadalardan 1591 tasining (59,2 foiz) dislokatsiya nuqtalarini uzoq hududlarda joylashgan aholi punktlariga yaqinlashtirildi. Jumladan, tugatilgan 441 ta qishloq vrachlik punktlari o‘rnida tez tibbiy yordam shoxobchalari tashkil qilindi va ularga bittadan brigada biriktirildi. 

Shuningdek, 793 ta qishloq oilaviy punktlari va Toshkent shahrining 63 ta poliklinikalari qoshida ham xuddi shunday shoxobchalar tashkil qilindi. Natijada, tez tibbiy yordam brigadalarining xizmat ko‘rsatish hududi radiusi o‘rtacha 15-20 km.dan 8-12 km.gacha qisqartirildi”, deya Davron To‘laganovning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid