O‘zbekiston | 18:11 / 30.05.2021
28748
2 daqiqa o‘qiladi

To‘ra Bobolov MMA musobaqasida muxlislik qilgani aks etgan video tarqaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati hokimi MMA janglarini jonli tomosha qilayotgani va oktagondagi jangchilardan biriga raqibni qanday yengishni o‘rgatayotgani aks etgan video tarqaldi. 

Viloyat hokimi aralash jang san'atlari bo‘yicha musobaqani kuzatish uchun tashrif buyurdi. Internetda tarqalgan videoda u o‘zi muxlislik qilayotgan jangchiga raqibga tizza bilan zarba berishni aytadi va jangchi shu harakatni amalga oshirgach, raqibi taslim bo‘ladi. 

Kun.uz mazkur musobaqa qachon va qayerda bo‘lib o‘tgani haqida izoh olish uchun viloyat hokimligi axborot xizmati bilan bog‘landi. 

Hokimlik matbuot xizmati rahbari Zaxriddin To‘rayev bu borada aniq ma'lumot bermagan bo‘lsa-da, hokimning sport bilan do‘st ekanini, tarqalgan videoda esa noo‘rin biror jihat yo‘qligini ta'kidladi.

Kun.uz manbasining tasdiqlashicha, shu yil 22-23 may kunlari Termiz shahridagi majmualardan birida sportning aralash janglar san'ati turi (MMA) bo‘yicha viloyat hokimi turniri bo‘lib o‘tgan. Tarqalgan tasvirlar katta ehtimol bilan o‘sha musobaqadan olingan.

Mavzuga oid