O‘zbekiston | 17:01 / 08.06.2021
15477
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda ohak ishlab chiqarish sexida sodir bo‘lgan yong‘inda bir kishi halok bo‘ldi

2021 yilning 7 iyun kuni taxminan soat 15:52da Karmana tumanining Bog‘ishamol mahallasi hududida, «Zarafshon Golden Group» MChJga qarashli ohak ishlab chiqarish sexida yong‘in kelib chiqqan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi. 

Ma'lum qilinishicha, yong‘in texnologik jarayonning buzilishi natijasida yuzaga kelgan. Hodisa oqibatida korxonaning bir nafar ishchisi voqea joyida halok bo‘lgan. 

Shuningdek, yong‘in joyida bo‘lgan bir nafar FVV xodimi kuyish tan jarohati bilan RShTYoIM Navoiy viloyati filialiga yotqizilgan.

Avvalroq «Zarafshon Golden Group» MChJning 91,5 foizlik ulushi Navoiy viloyat kengashi deputati, Oliy Majlis Senati a'zosi Ulug‘bek G‘aniyevich Fayziyevga tegishli ekani, ushbu kompaniya nafaqat Navoiy viloyatida, balki Toshkent shahrida ham qurilish ishlarini amalga oshirib kelishi ma'lum bo‘lgandi. Kompaniya Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘laridan 8,2 mlrd so‘mga 650 o‘rinli karantin zonasini qurgan. 

Mart oyida Qurilish vazirligi joylardagi qurilishlarni o‘rganishi davomida Navoiy viloyati bo‘yicha berilgan ma'lumotlardan ma'lum bo‘lishicha, «Zarafshon Golden Group» Zarafshon shahrida shaharsozlikka ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilmagan hamda hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan ko‘p qavatli turar joy obektida qurilish-montaj ishlarini boshlagan.

Keyinroq «Zarafshan Golden Group» MChJ qurilishdagi kamchiliklar bartaraf etilayotgani to‘g‘risida xabar qilib, tegishli hujjatlar o‘z vaqtida rasmiylashtirilmagani va qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan mas'ul xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanganini bildirgandi.

Mavzuga oid