Sport | 19:08 / 14.06.2021
10610
8 daqiqa o‘qiladi

Yevro-2020dagi ilk «triller»: Niderlandiya - Ukraina to‘qnashuvining 4 xulosasi

13 iyun oqshomida Yevropa chempionatining 3-kun o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Bu galgi bahslar qandaydir ko‘ngilni xira qiluvchi holatlar bilan emas, haqiqiy futbol bilan barchaning e'tiborini tortdi.

Dastlab, Angliya va Xorvatiya jamoalari ilk turning markaziy bellashuvlaridan birida o‘zaro maydonga chiqdi. Bir necha yil avval murabbiy sifatida hech kim bo‘lmagan ikki mutaxassis bugun dunyoning eng yetakchi milliy jamoalarida faoliyat olib borishmoqda. Ular kechagi taktik qarama-qarshilik orqali o‘z o‘rinlarida nima sababdan o‘tirganlarini yana bir karra isbotlab qo‘yishdi. Xorvatiya ham mag‘lubiyatga loyiq futbol namoyish etmadi. Yevropa chempionati mana shu kabi o‘yinlar bilan ham qiziqarli.

Avstriya - Shimoliy Makedoniya o‘yini esa har ikki jamoaning qarama-qarshi hujumlari ostida o‘tgani bilan qiziqarli bo‘ldi. Ikki tomonda ham ishtiyoq yuqoriligi va Shimoliy Makedoniyaning debyut shijoati uchrashuvga o‘zgacha chiroy baxsh etdi.

Kunning so‘nggi o‘yini esa Yevropa chempionati maqomiga mos tarzda kechdi. Ushbu bellashuvni atroflicha tahlil qilishga harakat qilamiz.

De Burdan kutilmagan hujumkorlik

Turnir favoritlari orasida Niderlandiya qit'a birinchiligiga eng tajribasiz murabbiy bilan kelgan milliy jamoa sifatida e'tiborni tortgandi. Ronald Kuman Barselonaga ketganidan so‘ng, yordamchisi bir muddat yig‘inlarni boshqardi. Tez orada sobiq futbolchi, «uchar gollandlar» afsonasi Frank de Bur murabbiylik postiga keldi. Futbolchi sifatida naqadar hurmatga sazovor bo‘lmasin, de Bur murabbiylik bobida hech narsaga erishmagandi. Niderlandiya milliy jamoasi statusi bilan hazillashib bo‘lmaydi.

Millatlar ligasidagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng, ko‘pchilik niderlandlar bosh jamoasiga yangi mutaxassis topilishi haqida gapira boshlashdi. Ammo Yevropa chempionatida ham Frank «olovranglilar» bilan birga.

Ilk o‘yindan shuni anglab yetdikki, de Bur jamoasini hujumda ancha uyushqoq kuchga aylantira olgan. Laterallarning faol tarzda hujumga qo‘shilishi esa raqibni rosmana shoshirib qo‘ydi.

Mart oyidagi o‘yinlarda markaziy hujumchi pozitsiyasida o‘ynagan Lyuk de Yong o‘rnini turnir arafasida Veghorst egalladi. Frenki de Yongning «Barselona»dagi himoyaviy ko‘nikmalar va de Roonning tayanch zonasidagi sifatli harakatlaridan unumli foydalanish maqsadida, Jorjino Veynaldumga o‘yinda ijodkor sifatida to‘p tepishga imkon berildi. Depay esa undan bir necha qadam oldinroqda hujumga ikkinchi temp bag‘ishlash, uzatmalar bilan yarimhimoyachi va hujumchilarni ulash ishlarida bosh bo‘ldi.

 

Taktik sxemalarning tezkor o‘zgarishi

Har ikkala yosh murabbiy ham o‘yinda taktik jihatdan yaxshi bilimga ega ekanligini namoyish etdi. Og‘ir mavsumdan so‘ng, yana bir katta musobaqada ter to‘kayotgan futbolchilarda jarohat holatlari uchrashi tabiiy hol. Muammo shundaki, taktik tomondan butun o‘yinni qo‘l ostidagi futbolchilariga qarab tuzib chiqqan murabbiylar futbolchi almashtirishda o‘ta ehtiyotkor va aqlli harakat qilishlari talab etiladi. Aks holda, maydonga tushgan yangi futbolchi o‘yindan chetga chiqib qolishi mumkin. Marlos misolida buni aniq ko‘rib oldik.

O‘yindan avval Niderlandiya milliy jamoasi mashg‘ulot bazasi ustidan muxlislar yollagan samolyot «Frank, shunchaki 4-3-3da o‘yna» yozuvini ko‘tarib uchib o‘tgani aks etgan videolarni ko‘rdik.

U esa van Gaal davridan meros qolgan 3-5-2 taktik sxemasini takomillashtirishni ma'qul ko‘rdi. Bu qaysidir ma'noda ish berdi ham. Van Deyk va de Ligt yo‘q bo‘lgan bir paytda, bunday tashabbusni ko‘pchilik kutmagani aniq.

O‘z navbatida, Andrey Shevchenko ham o‘yin davomida juda ko‘p marta uslubni o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. Malinovskining reydlari va kuchli zarbasi raqib himoyachilarini doim sergak turishga majbur etdi. Zinchenko - Yarmolenko - Yaremchuk triosining o‘zaro bog‘liqlikdagi futboli juda ajoyib chiqdi. Ularning harakatlari xuddi ipga chizib qo‘yilgan qo‘g‘irchoqlarning sinxron o‘yiniga o‘xshab ketardi. Ammo ko‘rinib qoldiki, ushbu futbolchilarga singdirilgan hujum qilish uslubi u qadar rang-barang emas. Zinchenkoning Yaremchuk manziliga biroz kuchliroq uzatmalari, Romanning kamida ikki futbolchini o‘zi bilan olib ketishi va Yarmolenkoga uzatadigan kutilmagan paslari… Aleksandr esa texnik mahorat va zarba aniqligi jihatidan Ukrainaning eng yaxshi futbolchilaridan biri hisoblanadi. Amalda niderlandlar ikki to‘p farqi bilan ustunlik qila boshlagach, uning bor mas'uliyatni zimmasiga olib yo‘llagan zarbasi ukrainlarga qayta umid bera oldi.

 

Dyumfrisdan ikki xil bo‘lim

Niderlandiyaning ko‘p vakillari o‘rtamiyona jamoalarda to‘p tepadi. Ammo futbolchi naqadar sifatli bo‘lmasin, eng birinchi masala uning murabbiy taktikasiga mos kelishida. «PSV» futbolchisi Denzel Dyumfris kechagi g‘alabada hal qiluvchi rolni ijro etdi. Biroq, uning harakatlari ikkita taymda ikki xil ko‘rinish oldi.

Birinchi taymdagi qanot himoyachisi jarima maydonidagi bir necha vaziyatlarni ko‘kka sovurib, muxlislarni xavotirga qo‘ygan bo‘lsa, ikkinchi taymdagisi fenomenal o‘yin bilan «lolalar yurti» vakillarini xursand qildi.

Birinchi gol urilgan vaziyatni yodga oling. O‘ng qanotdan tezkorlik bilan oldinga intilgan Dyumfris markaziy hujumchi Veghorst manziliga uzatma amalga oshirdi. Birinchi bo‘limda qahramonliklari bilan eng yaxshi futbolchi bo‘lgan Ukraina posboni Bushchan to‘p yo‘liga qo‘lini qo‘ya oldi, ammo uni ushlab qola bilmadi. Qaytgan to‘p va bo‘sh darvoza qarshisida qolgan Veynaldum esa vaziyatdan sovuqqonlik bilan foydalandi.

Ikkinchi golda ham oddiy vaziyatda oxirigacha kurashish orqali Dyumfris jamoasiga gol sovg‘a qildi. Himoyachi gavdasi bilan uni qanchalik to‘xtatishga harakat qilmasin, Denzel eng so‘nggi pallagacha to‘p uchun kurashdi. Natijada, ikki himoyachi o‘zaro bir-birini tushunmay qoldi va to‘pni uzoqlashtirishda xatoga yo‘l qo‘yishdi. O‘z vaqtida to‘p oldida paydo bo‘lib qolgan Veghorst to‘pni kuchli zarba bilan darvozaga yo‘lladi.

Kambek kayfiyatidagi Ukrainani tinchlantiruvchi uchinchi golni urish orqali esa, Dyumfris uchrashuvning tom ma'nodagi eng yaxshi futbolchisi bo‘lganini isbotladi.

Turnirdagi ilk «triller»

Birinchi bo‘lim yorqin o‘tgani rost, ammo gol bo‘lavermagach, ayrim futbol muxlislari ikkinchi bo‘limni ko‘rmaslikka ham qaror qilgan bo‘lishlari mumkin. Ertalab uyg‘onganlarida ikkinchi bo‘limda 5ta gol urilganini eshitib, qanday hayratlanganlarini tasavvur qilyapsizmi?

Mana shu kabi o‘yinlar Yevropa chempionati darajasidagi musobaqalarning ko‘rki hisoblanadi. Ushbu o‘yin hozircha turnirdagi eng sermahsul uchrashuv bo‘lib turibdi. Yarmolenkoning goli esa bugungacha urilganlari orasida eng chiroylisi ekani aniq.

Oldinda bizni yana ko‘plab uchrashuvlar kutib turibdi. Ularda yana ham chiroyli gollar, shiddatli qarama-qarshiliklar bo‘lishini umid qilamiz. Oldinda bizni «o‘lim guruhi» bellashuvlari kutib turibdi. Bu kabi o‘yinlarni o‘tkazib yubormang.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi.

Mavzuga oid