O‘zbekiston | 11:17 / 16.06.2021
11495
3 daqiqa o‘qiladi

«Umrimning 3 yili paxta dalasida o‘tgan» - Abduqodir Toshqulov o‘qituvchilik faoliyati haqida

Foto: Kun.uz / arxiv

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov «MFaktor» loyihasiga bergan intervyusida oliy ta'lim ahamiyati, vazirlik faoliyati, o‘qituvchilik yillari qiyinchiliklari xususida so‘zlab berdi.

«Termiz davlat universitetida dastlab ochilgan moliya ta'lim yo‘nalishini tugatganman. O‘zbekistonda ilk marta kirish imtihonlari test shaklida olingan 1993 yilda o‘qishga kirdim, 5 yildan keyin o‘qishni imtiyozli tamomladim. Undan keyin o‘sha yerda o‘qituvchilik faoliyatimni boshladim.

O‘qishni tugatganimizdan keyin ko‘plab kursdoshlarim soliq, bank, moliya tashkilotlariga ishga joylashgan. Menda esa imkoniyat bo‘lmagan bunga. Chunki o‘sha yillari ishga qabul qiluvchilar kadrning qobiliyati, salohiyatiga emas, tanish-bilishchilikka qarab ishga qabul qilishardi. Suhbat, tanlov asosida qabul qilish degan tushunchalar umuman yo‘q edi.

O‘sha paytlari magistratura yo‘q edi, bakalavr davomiyligi 5 yil edi. Fakultetda o‘qituvchilar meni yaxshi bilishardi, tashkilotchi edim. O‘qishni bitirganimdan keyin ustozlarim «Bolam, o‘qituvchi bo‘lib qolgin, yaxshi kasb», deb menga taklif berishdi. Majburligimdan, boshqa ilojim yo‘qligi uchun o‘qituvchi bo‘lib qoldim. O‘qishni tugatgach, uylanishim, oylik daromadim bo‘lishi kerak edi. Mehr bilan, lekin xohlamay ishimni boshladim.

Chunki 2016-2017 yillargacha o‘qituvchilar har yili o‘rtacha 2–2,5 oy paxta dalasida bo‘lishga mahkum edi. Men hisobladim: butun umrimning 3 yili tun-u kun paxta dalasida o‘tgan. 5 yil talabalik paytida, undan keyin universitet o‘qituvchisi sifatida va talabalarga bosh bo‘lib paxta dalasida umrimni o‘tkazganman. 3 yilim shunday o‘tgan. Bir tadbirkor 3 yil davomida milliard dollar daromadga ega bo‘lishi mumkin, bu muddatda fan doktori bo‘lganlar bor. 3 yil biror foydali ish qilish uchun juda katta muddat.

O‘qituvchi bo‘lishni istamaganimning yana bir sababi oylik edi. Maoshimni dollarda hisoblaganimda, bir oyda o‘rtacha 15 dollar topgan ekanman. Bu 1998 yildan keyingi 8 yillik muddatni qamrab oladi. Yosh tadqiqotchi edim, uylanadigan vaqtim edi. O‘qituvchilik ortidan uy sotib olish haqida gap bo‘lishi mumkin emas edi. Faqat ijara uyda yashash imkoni bor edi. Oylik pastligi uchun ham ko‘pchilik o‘qituvchi bo‘lishni istamasdi. O‘sha davrlarda o‘qituvchi va olimlarning mavqeyi ongli ravishda pasaytirilgan edi», dedi Toshqulov. 

Mavzuga oid