O‘zbekiston | 08:10 / 23.06.2021
48313
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirus tarqalishiga qarshi yangi choralar joriy etildi

O‘zbekistonda endilikda niqobsiz bo‘lgan shaxslar transport vositalari saloniga chiqarilmaydi.

«Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Transport vazirligi va boshqa qator manfaatdor tashkilotlar taklifiga binoan respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra yo‘nalishli avtobus haydovchilari (konduktorlari) va metro kuzatuvchilari niqobsiz bo‘lgan shaxslarni transport vositalari saloniga chiqarmaslik (kiritmaslik) choralarini ko‘rishi belgilandi. 

Shuningdek, muntazam ravishda mikrofon orqali shaxslarning mas'uliyatini oshirish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilishi, jamoat transportlarining oxirgi bekatida dezinfeksiya-tozalash ishlari amalga oshirilishi zarurligi ko‘zda tutilmoqda. 

Temir yo‘l vokzallari va aeroportlarda esa sanitariya-epidemilogiya talablariga amal qilinishi qat'iy nazoratga olinishi, shu jumladan, dezinfeksiya va tozalash tadbirlari muntazam ravishda yo‘lga qo‘yilishi ta'minlanadigan bo‘ldi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.

Koronavirus tarqalishiga qarshi qabul qilingan chora-tadbirlarga ko‘ra, endi sanatoriy, pansionat va bolalar oromgohlariga borish uchun PsR-test tahlilining manfiy natija qayd etilgan ma'lumotnomasi talab etiladi.

«Endilikda tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'iy nazar alohida ko‘rsatma bo‘lgunga qadar fuqarolarni sanatoriy, pansionat va bolalar oromgohlariga qabul qilishdan oldin oxirgi 72 soat davomida topshirilgan PZR tahlili talab etilishi tartibi joriy etiladi», deyiladi vazirlik xabarida.

PsR-test ushbu muassasalardan biriga kelishdan avval 72 soat ichida amalga oshirilishi kerak. 

Bundan tashqari, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlanuvchilar guruhi yana kengaydi. Endilikda 50 yosh va undan kattalar bepul vaksina olishi mumkin. Shuningdek, oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini xavf osti guruhiga mansub aholi qatlami qatorida bosqichma-bosqich Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan emlash tadbirlarini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

O‘zbekistonda iyun oyining ikkinchi o‘n kunligidan kasallanish holatlari o‘sa boshladi, dastlab kunlik holatlar soni muntazam ravishda 300dan oshiq bo‘ldi, so‘nggi kunlarda esa bu ko‘rsatkich 400dan kam bo‘lmayapti.

Bundan avvalroq O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegarasi koronavirus sabab yopilishi ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid