O‘zbekiston | 14:35 / 28.06.2021
4045
2 daqiqa o‘qiladi

Prokuraturada amaliyot o‘tayotgan talaba IIB xodimi bilan mojarolashdi. Bosh prokuratura bunga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Prokuratura xodimlari shunchalik zo‘rmi?!» sarlavhasi bilan audioyozuv tarqalgan. Unda o‘zini prokuratura xodimi, deb tanishtirgan shaxs ichki ishlar xodimiga qo‘ng‘iroq qilib, IIBga keltirilgan voyaga yetmaganlarni ro‘yxatga olish kitobini olib kelishni talab qilgan. Suhbat davomida ular o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Bosh prokuratura mazkur hodisa bo‘yicha izoh berdi.

Ma'lum qilinishicha, audioyozuvni o‘rganish davomida, unda suhbatlashayotgan shaxslar «Berdaq» nomidagi Qoraqalpoq Davlat universitetining yuridik fakulteti 2-bosqichini tamomlab, Marhamat tumani prokuraturasiga ish o‘rganish amaliyotiga yuborilgan talaba Begijon H. va Andijon viloyati Marhamat tumani IIB HPB profilaktika inspektori Shohjahon X. ekanliklari aniqlangan.

Qayd etilishicha, talaba va inspektorning suhbati shu joriy yil 25 iyun kuni bo‘lib o‘tgan. Ma'lum bo‘lishicha, ular avvaldan o‘zaro yaqin tanish bo‘lgan hamda Begijon H. O‘rtog‘i Shohjahon X. bilan hazillashmoqchi bo‘lib, unga shu mazmunda qo‘ng‘iroq qilgan.

Ta'kidlanishicha, talabaga «Ichki ishlar bo‘limiga keltirilgan voyaga yetmaganlarni ro‘yxatga olish kitobi»ni prokuraturaga olib kelish haqida hech qanday ko‘rsatma yoki topshiriq berilmagan. Kelgusida bu kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Andijon viloyati prokurori G‘.Fozilov rahbarligida joylarda amaliyot o‘tayotgan talabalar ishtirokida profilaktik yig‘ilishlar o‘tkazilgan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid