O‘zbekiston | 11:51 / 09.07.2021
2883
3 daqiqa o‘qiladi

Termiz tuman tibbiyot birlashmasida 313,6 million so‘m  talon-toroj qilingani aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Surxondaryoda shifokorlarga ajratilgan mablag‘ni o‘marganlarni kechirish mumkinmi?» sarlavhasi ostida tarqalgan xabarlar viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilgan. Unda Surxondaryo viloyati Termiz tumani tibbiyot birlashmasida 313,6 million so‘m talon-toroj qilingani aniqlangan. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Termiz tumani prokuraturasi viloyat davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi tomonidan Termiz tumani tibbiyot birlashmasida 2017 yil sentyabrdan 2021 yil maygacha budjetdan ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishda to‘plangan hujjatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv olib borgan.

Tekshirish davomida aniqlanishicha, Termiz tuman tibbiyot birlashmasi mansabdor shaxslari tomonidan 7 ta holatda jami 313 million 655 ming so‘m mablag‘ ish haqi va mukofot puli sifatida chiqim qilingan. So‘ng, to‘lov qaydnomalariga xodimlarning imzolarini qalbakilashtirib qo‘yib, pulni ularga bermasdan, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan. Bu bilan ular, o‘zganing juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Qayd etilishicha, Termiz tumani prokuraturasi tomonidan ushbu holatlar yuzasidan 2021 yil 10 iyun kuni Termiz tumani tibbiyot birlashmasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.

«Xabarda ma'lum qilingan shifokor, hamshira va farroshlar tuman prokuraturasiga chaqirilib, tergovchi tazyiqi ostida javobgar shaxslarni kechirish so‘ralgani holatlari o‘rganishda o‘z tasdig‘ini topmadi va bu vajlar rad etiladi», deyiladi viloyat prokuraturasi xabarida.

Mavzuga oid