O‘zbekiston | 12:09 / 25.08.2021
1647
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda shaxmat bo‘yicha «Sohibqiron Kubogi» xalqaro turniri bo‘lib o‘tadi

Samarqand shahrida shaxmat bo‘yicha «Sohibqiron Kubogi» xalqaro turniri bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 25-29 avgust kunlari Samarqandda «Ipak yo‘li» xalqaro turizm universitetida shaxmat bo‘yicha «Sohibqiron Kubogi» xalqaro turniri bo‘lib o‘tadi.

Ilk marta o‘tkazilayotgan mazkur turnirda o‘nga yaqin mamlakatdan (Armaniston, Ozarboyjon, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Ukraina, Tojikiston, AQSh va O‘zbekiston) 18 ga yaqin xalqaro grossmeysterlar, 10 nafar xalqaro sport ustalari va 10 nafar FIDe sport ustalari ishtirok etadi. Musobaqa shveysarcha tizim bo‘yicha 9 turda o‘tkaziladi.

Mazkur turnirda ishtirok etish uchun xalqaro FIDe reytingida eng kam balli 1700 standartga muvofiq keladigan (2021 yil 1 avgust holatiga ko‘ra) shaxmatchilarga ruxsat beriladi. Rapid turniri 25-27 avgust kunlari, blits (tezkor shaxmat) turniri esa 28 avgustda bo‘lib o‘tadi.

Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 50 000 AQSh dollarini tashkil etadi: rapid musobaqasi — 40 000 dollar, blits yo‘nalishda — 10 000 AQSh dollari.

Qayd etilishicha, mazkur turnirning asosiy vazifasi – shaxmatni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, uni ommaviy sportga aylantirish, yosh avlodning intellektual hamda madaniy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, yoshlarni professional shaxmatchilar sifatida tayyorlash va xalqaro grossmeysterlarni tanlash tizimini yo‘lga qo‘yish hisoblanadi.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid