Jahon | 15:53 / 17.09.2021
7486
2 daqiqa o‘qiladi

Asr firibgarligi. Doing Business reytingi nega to‘xtatildi?

16 sentyabr kuni Jahon banki turli davlatlarda biznes yuritish sharoitlarini baholovchi Doing Business reytingini e'lon qilishni to‘xtatishini ma'lum qildi.

Foto: DR

“Bank rahbariyati Doing Business hisobotini e'lon qilishni to‘xtatishga qaror qildi. Kelgusida ishbilarmonlik va investitsion muhitni baholashga yangicha yondashamiz”, deb aytilgan bank xabarida.

Bunga bir necha yil davom etgan ichki tekshiruv sabab bo‘ldi. Tekshiruv xulosalariga ko‘ra, XVJning amaldagi taqsimlovchi direktori Kristalina Georgiyeva Jahon banki ijrochi direktori bo‘lib ishlagan vaqtida reytingni tuzuvchilarga bosim o‘tkazib, reytingda Xitoyni yuqori o‘ringa ko‘tarishni maqsad qilgan.

Aniqlanishicha, 2018 yilgi reytingda Xitoyning, 2020 yilda Saudiya Arabistonining ko‘rsatkichlari aslidagidan yuqori qilib ko‘rsatilgan, Ozarboyjonning bahosi esa sun'iy ravishda pasaytirilgan.

Xulosada aytilishicha, reytingga ushbu o‘zgarishlar Jahon bankining sobiq rahbari Jim Yon Kim, Xalqaro valuta jamg‘armasining hozirgi rahbari Kristalina Georgiyeva va reyting asoschilaridan biri Simeon Dyankovlarning bosimi ostida kiritilgan.

Tekshiruvlar yakuniga ko‘ra hech kimga nisbatan ayblov ilgari surilmagan.

Doing Business reytingida 190 ta davlatda biznes ochishning soddaligi, soliqlar to‘lanishi, qurilishga ruxsat olish, elektr tarmoqlariga ulanish, xalqaro savdo, kreditlashni jalb qilish, bankrotlik jarayonini tartibga solish va boshqa mezonlar bo‘yicha biznes-muhit baholab kelingan.

Oxirgi e'lon qilingan Doing Business 2020 reytingida O‘zbekiston 69-o‘rinni egallagandi.

Mavzuga oid