O‘zbekiston | 12:22 / 18.09.2021
1230
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand shahrida xonadonlardan biri yonib ketdi

Samarqand shahrida joylashgan xonadonlardan birida yong‘in sodir bo‘lgan. Oqibatda xonadonning 150 metr kvadrat qismi to‘liq yonib zararlangan. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil17 sentabr kuni soat 1:59 larda Samarqand shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchilik qismiga shaharning «Azizon» mahallasi Chorbog‘ ko‘chasi 1-yo‘lak 3-uyda yashovchi, 1957 yilda tug‘ilgan fuqaro S.T.ning yashash uyida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida tezkor xabar kelib tushgan.

Shundan so‘ng soat 2:11 da voqea joyiga Samarqand shahar FVB Yong‘inga qarshi kurashish bo‘linmasidan 4 ta yong‘in o‘chirish mashinasi va 1 ta Kamaz yetib borgan. Yong‘in soat 3:15 da to‘liq bartaraf etilgan. Yong‘in o‘chiruvchilarning tezkor harakatlari natijasida yong‘in qo‘shni xonadonlarga o‘tib ketishining oldi olingan.   

Qayd etilishicha, yong‘in oqibatida mazkur xonadon yashash uyining 150 metr kvadrat maydonida uyning tom qismi va jihozlari to‘liq yonib ketgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur yong‘inda hech kim jabrlanmagan va halok bo‘lmagan. Hozirda yong‘in sababini aniqlash yuzasidan surishtiruv olib borilmoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid