Toshkent shahar issiqlik ta'minoti Fransiya kompaniyasiga 30 yilga berilmoqda
Vazirlar Mahkamasi “Toshkent shahri issiqlik ta'minoti tizimini davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar hokimligi va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida “Toshkent shahri issiqlik ta'minoti tizimini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish” loyihasi yuzasidan maslahat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha bitim tuzilgan bo‘lib, loyihani amalga oshirish bo‘yicha berilgan e'lon natijasiga ko‘ra qiziqish bildirgan 3 ta xorijiy kompaniyadan “Veolia Central & Eastern Europe” (Fransiya) kompaniyasining taklifi Osiyo taraqqiyot banki tavsiyasiga ko‘ra Toshkent shahar hokimligi va Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan ma'qul deb topilgan.
Loyiha konsepsiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan va unga ko‘ra ushbu loyiha ekspluatatsiya qilish va texnik xizmat ko‘rsatish shartlari asosida amalga oshirilishi nazarda tutilgan. “Veolia Central & Eastern Europe” (Fransiya) kompaniyasi tomonidan faqat loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq “Veolia Energy Tashkent” maxcyc loyiha kompaniyasi yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Osiyo taraqqiyot banki dastlabki 3 yil davomida loyihani amalga oshirish hamda monitoring olib borish bo‘yicha maslahatchi sifatida Toshkent shahar hokimligiga ko‘maklashadi.
“Veolia Central & Eastern Europe” (Fransiya) kompaniyasi loyiha bo‘yicha xususiy sherik etib belgilandi.
Toshkent shahar hokimligi davlat sherigi sifatida maxsus loyiha kompaniyasi bilan loyiha bo‘yicha amal qilish muddati 30 yil bo‘lgan, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimni rasmiylashtiradi:
- samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlari (KPI) sifatida ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha obektlariga issiqlik podstansiyalari, issiqlik va issiq suv hisoblagichlari o‘rnatish, shuningdek, avariya holatlari, issiqlik yo‘qotishlari, energiya va suv iste'molini keskin kamaytirish hamda zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy etish;
- maxsus loyiha kompaniyasi tomonidan tajriba loyihalari sifatida dastlabki ikki yilda Toshkent shahrining Bektemir va Sergeli tumanlaridagi “Vodnik” va “Sanoat energo” markazlashgan qozonxonalari orqali 118 ta ko‘p qavatli uy va 43 ta ijtimoiy obektning issiqlik ta'minoti tizimlarini modernizatsiya qilish va yopiq tizimga o‘tkazish;
- tajriba loyihalari bo‘yicha samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlari (KPI) ijrosi yuzasidan Osiyo taraqqiyot bankining tavsiyasiga hamda texnik auditorning hisoboti asosida bitim kuchga kirgan kundan boshlab 2 yildan keyin uni qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, davlat sherigiga 18 yildan keyin bitimni ixtiyoriy ravishda bir tomonlama bekor qilish huquqini berish;
- “Toshissiqquvvati” DUKning issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, iste'molchilarga yetkazib berish, shu jumladan, issiqlik tizimini ekspluatatsiya qilish, iste'molchilar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish va to‘lovlarni undirish bo‘yicha vazifa va funksiyalarini maxsus loyiha kompaniyasiga o‘tkazish, shuningdek, bitim amal qilishi davrida maxsus loyiha kompaniyasining mustaqil ravishda faoliyat yuritilishini ta'minlash;
- loyihani amalga oshirishda maxsus loyiha kompaniyasining yuzaga keladigan barcha moliyaviy majburiyatlarini “Veolia Central & Eastern Europe” (Fransiya) kompaniyasi tomonidan kafolatlash;
- “Veolia Central & Eastern Europe” (Fransiya) kompaniyasi tomonidan loyiha doirasida 20 million yevro miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;
- loyiha doirasida 181 ta markazlashtirilgan va lokal issiqlik tizimi inshooti va qozonxonani modernizatsiya qilish, penopoliuretandan tayyorlangan polimer izolyatsiyali va himoya qobig‘iga o‘ralgan quvurlar asosida 575,6 km issiqlik tarmoqlarini qurish va 841,1 km issiqlik tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, 51,5 ming dona issiqlik energiyasi o‘lchov uskunasini va 2 464,6 ming dona issiq suv hisoblagichni o‘rnatish, shuningdek, 391 ta maxsus texnika va avtomashinalar xarid qilish;
- O‘zbekiston va Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi o‘rtasida 2018 yil 17 mayda imzolangan “Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand va Toshkent (Ts-8) shaharlarida markazlashtirilgan issiqlik ta'minoti tizimini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish” loyihasini amalga oshirishni moliyalashtirish to‘g‘risidagi kelishuvga muvofiq jalb qilingan kreditlarni, shuningdek, kredit vositachilik haqi va boshqa xarajatlarni qoplash bo‘yicha “Toshissiqquvvati” DUK tomonidan to‘lanadigan to‘lovlar maxsus loyiha kompaniyasi tomonidan amalga oshirish.
Bitim imzolanganidan so‘ng bir oy muddatda Toshkent shahar hokimligi va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida tuzilgan maslahat xizmatlarini ko‘rsatish bitimiga muvofiq Osiyo taraqqiyot bankiga 1 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ Toshkent shahar mahalliy budjeti daromadlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan to‘lanadi va ushbu mablag‘lar 2021 yil 31 dekabrga qadar “Veolia Central & Eastern Europe” (Fransiya) kompaniyasidan undirib olinadi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Toshissiqquvvati” DUKga tegishli bo‘lgan barcha mol-mulk, shu jumladan, bino-inshoot va boshqa moddiy boyliklarni xatlovdan o‘tkazish, ularni sotish va boshqa shaxslarga o‘tkazish huquqisiz Maxsus loyiha kompaniyasiga egalik qilish va vaqtinchalik foydalanishga bepul topshirish choralarini ko‘rsin.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
- Toshkent shahrida iste'molchilarga ko‘rsatiladigan issiqlik ta'minoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan tariflar maxsus loyiha kompaniyasi tomonidan taqdim qilinadigan hisob-kitoblarga ko‘ra har yili 1 mayga qadar xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarorlari bilan tasdiqlanadi;
- issiqlik ta'minoti xizmatlari bo‘yicha tariflar haqiqiy xarajatlar tannarxi bilan birga issiqlik tizimini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish xarajatlari inobatga olingan holda shakllantiriladi;
- xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarorlariga asosan aholiga issiqlik ta'minoti xizmatlari bo‘yicha pasaytirilgan tariflar qo‘llanilishi natijasida yuzaga keladigan zararlar Toshkent shahar mahalliy budjeti hisobidan har oyda subsidiyalar ajratish orqali qoplab beriladi;
- aholiga issiqlik ta'minoti xizmatlari bo‘yicha pasaytirilgan tariflar qo‘llanilishi natijasida yuzaga keladigan zararlarni maxsus loyiha kompaniyasiga qoplab berish yuzasidan aniq hisob-kitoblar 2022 yil uchun - 2021 yil 1 dekabrga qadar va kelgusi yillar uchun - har yili 1 iyunga qadar Moliya vazirligiga Toshkent shahar hokimligi tomonidan taqdim etiladi.
Mavzuga oid
18:07
IIV tuzilmasida Doniyor Toshxo‘jayev va yana ikki mansabdor lavozimidan ozod etildi
18:52 / 23.11.2024
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37 / 23.11.2024
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51 / 23.11.2024