Jahon | 16:27 / 04.10.2021
10627
9 daqiqa o‘qiladi

Gruziya: muxolifat shaharlar uchun kurashmoqchi, Saakashvili qamoqxonada qolmoqda

Gruziyadagi hukmron partiya «Gruziya orzusi» mahalliy saylovlarda ovozlarning qariyb yarmini qo‘lga kiritdi, ammo muxolifat mamlakatdagi asosiy shaharlar merligi uchun o‘tkaziladigan ikkinchi turda ularga jiddiy raqobat ko‘rsatmoqchi. Sobiq prezident Mixail Saakashvilining kutilmagan tashrifi va hibsga olingani izsiz ketmadi va muxolifatning bir qismini ilhomlantirdi, ammo bu g‘alaba uchun yetarli bo‘lmadi.

Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, shanba kuni o‘tkazilgan munitsipal saylovlarda Gruziyadagi hukmron partiya hisoblanmish «Gruziya orzusi» qariyb 47 foiz ovoz to‘plagan.

Ammo o‘zini o‘zi boshqaruvchi shaharlarning birortasida (munitsipalitetlar) birinchi turda partiyaning merlik uchun nomzodlari g‘alabaga erisha olmadi va muxolifatchilar buni yutuq sifatida hisoblashmoqda.

Gruziyaliklar saylovlarda 64 munitsipalitet, shu jumladan, beshta o‘zini o‘zi boshqaruvchi shaharlarda merlar va sakrebulo (shahar kengashi) deputatlarini tanlashdi.

Muxolifatdagilar bu saylovlarni muddatidan oldin o‘tkazilgan referendum deb atadi va bu «Gruziya orzusi»ning o‘n yillik boshqaruviga barham berishi kerakligini aytishdi. Muxolifatning bunday kutilmasi shu yil bahorida YeI vositachiligida Gruziyadagi siyosiy kuchlar o‘rtasida tuzilgan kelishuvning bir bandi bilan bog‘liq.

Kelishuvga ko‘ra, agar hukmron partiya mahalliy saylovlarda 43 foizdan kamroq ovoz to‘plasa, keyingi yilda parlament uchun muddatidan oldingi saylovlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi.

Bu kelishuvni imzolagan ammo keyinroq undan chiqqan hukmron partiyadagilar esa 2 oktabr kungi saylovlar natijalariga ko‘ra muddatidan oldingi parlament saylovlari o‘tkazilishini istisno qilishgandi.

Shunga qaramay, tahlilchilar 43 foizlik chegara «Gruziya orzusi» uchun jiddiy sinov bo‘lishini aytishgan, ayniqsa o‘tgan yilgi parlament saylovlari natijalari muxolifat tomonidan tan olinmaganidan keyin.

Saylov arafasida voqealar qizg‘in tus oldi, mamlakatni 8 yil muqaddam tark etgan va sirtdan jazoga hukm qilingan sobiq prezident Mixail Saakashvili kutilmaganda Gruziyaga qaytdi va o‘z tarafdorlarini 3 oktabr kuni poytaxt tomon harakatlanib, «referendum natijalarini himoya qilish»ga chaqirdi.

Muxolifatning partiya ro‘yxati bo‘yicha ovoz berishdagi natijalari kutilgandek bo‘lmadi. MSKning dastlabki ma'lumotlariga ko‘ra, hukmron partiya proporsional ovoz berishda 47 foiz ovoz to‘plagan va barcha raqiblarni ortda qoldirgan. Mixail Saakashvili tomonidan asos solingan, ayni vaqtda eng yirik muxolif partiya bo‘lgan «Yagona milliy harakat» partiyasi esa 31 foiz atrofida ovoz olgan.

Shunga qaramay, mahalliy saylovlarni muxolifat uchun yaxshi natija sifatida qabul qilish mumkin - yirik shaharlarda merlarni saylash ikkinchi turga o‘tdi.

G‘alaba kimda?
«Gruziya orzusi» butun Gruziya bo‘ylab ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi va 47 foizlik natija bilan yana bir bor aholidan hokimiyat uchun mandat oldi», deya ma'lum qildi bosh vazir Irakliy Garibashvili.

U saylovlar tinch va erkin muhitda o‘tganini ta'kidlagan. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, muxolifat o‘zi istagan maqsadga erisha olmagan - qayd etilgan natija «mamlakatda siyosiy inqiroz yuzaga keltirish» uchun ham yetarli emas.

Bosh vazir Irakliy Garibashvili «Gruziya orzusi»ning ishonchli g‘alabasi haqida aytmoqda
TASS/GETTY

Qayd etilishicha, bir mandatli mahalliy deputatlar saylovining ikkinchi turi okruglarning faqat 31 foizida o‘tkaziladi, o‘tgan yilgi parlament saylovlarida esa bu ko‘rsatkich 56 foizni tashkil etgandi.

Ammo muxolifatdagilar hukmron partiya Gruziyaning yirik shaharlarida, jumladan poytaxtda mag‘lubiyatga uchraganini aytmoqda, endilikda Tbilisi, Kutaisi, Batumi, Rustavi va Poti shaharlari merligi uchun ikkinchi tur o‘tkaziladi. Ikkinchi tur jami 20ta shaharda bo‘lib o‘tadi. Barcha shaharlarda ikkinchi turga hukmron partiya va Saakashvili partiyasi nomzodlari o‘tgan.

Mamlakat aholisining uchdan bir qismi yashaydigan Tbilisi merligi uchun saylov Gruziyadagi saylovlarning hal qiluvchisi bo‘ldi. Birinchi turda g‘alaba qozonish uchun nomzod 50 foizdan ortiq ovoz to‘plashi talab etilardi.

Tbilisi merligi uchun 16 nomzod, jumladan amaldagi mer, yaqin o‘tmishdagi futbolchi Kaxa Kaladze ham da'vogarlik qildi.

Dastlabki ma'lumotlarga qaraganda, Kaladze 45 foizga yaqin ovoz to‘plagan. Uning ikkinchi turdagi raqibi «Yagona milliy harakat» yetakchisi, birinchi turda 34 foiz olgan Nika Meliya bo‘ladi.

Ikkinchi tur o‘zini o‘zi boshqaruvchi yana to‘rt shaharda - Rustavi, Kutaisi, Poti va Batumida ham bo‘lib o‘tadi. Ulardan ikkitasida muxolif nomzodlar hukmron partiya vakillarini ortda qoldirishgan.

Tbilisi sakrebulosi uchun proporsional saylovlarda hukmron partiya 40 foizdan ortiqroq ovoz jamg‘argan, «Yagona milliy harakat» - 28 atrofida.

Shaharlarda ikkinchi tur, Saakashvili - qamoqda
Mixail Saakashvilining Tbilisida 3 oktabr kuni namoyish o‘tkazish bo‘yicha rejasi amalga oshmadi. Saakashvilining o‘zi hozirda Rustavi shahridagi qamoqxonada saqlanmoqda.

Saakashvili Gruziyaga qaytgani haqida ilk bor e'lon qilganida, hukmron partiya vakillari u aslida hamon Ukrainada ekani, u tomonidan tarqatilayotgan video - feykligini aytib chiqishgandi. Ammo 1 oktabr kuni kechqurun bosh vazir Irakliy Garibashvili sobiq prezident Tbilisida qo‘lga olingani va qamoqxonaga o‘tkazilganini ma'lum qildi.

Mixail Saakashvili so‘nggi sakkiz yilda Ukrainada yashadi, ammo Gruziya siyosiy maydonidagi asosiy figuralardan biri bo‘lib qoldi
TASS/GETTY IMAGES

Saakashvili Gruziyada bir necha jinoiy ishlar bo‘yicha ayblangan, ikki modda bo‘yicha unga sirtdan hukm chiqarilgan. Gruziya IIV unga nisbatan chegarani noqonuniy kesib o‘tish bo‘yicha navbatdagi ayblov qo‘yilgani haqida ham e'lon qildi. Ma'lum qilishlaricha, Saakashvilini qo‘lga olish bo‘yicha maxsus amaliyot aholi yashash turar joylaridan birida, maxfiy rejimda o‘tkazilgan (jamiyatda eskalatsiya va qarama-qarshilik yuzaga kelishining oldini olish maqsadida).

Ayni vaqtda Ukraina fuqarosi hisoblanadigan Saakashvili o‘zini siyosiy mahbus deb atamoqda. U bilan Rustavidagi qamoqxonada uchrashgan ombudsmen Nino Lomdjariyaning so‘zlariga ko‘ra, siyosatchi ochlik e'lon qilgan. U shuningdek, Ukraina konsuli bilan uchrashtirishlarini talab qilgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hamisha prezident sifatida ukrain fuqarolarini ozod etish va vatanga qaytarish bilan shug‘ullanishi, bu Ukraina fuqarosi sanalgan Saakashviliga ham taalluqli ekanini ma'lum qilgan.

«Yagona milliy harakat» vakili bo‘lgan Eki Xerxeulidzening so‘zlariga ko‘ra, sobiq prezidentda 2 oktabr kungi saylovlar natijalari, ayniqsa Tbilisidagi ko‘rsatkichlar katta taassurot qoldirgan.

«U gruzin xalqi qanday kurashni boshdan kechirgani, bu qaror qanday bosim ostida qabul qilinganini tushunadi. U bunday soxtalashtirishlar, sotib olish va shantaj qilish holatlari fonida bunday natijaga erishish qanday ahamiyatga egaligini tushunadi va muxolifatning ko‘rsatkichlari aslida bundan yuqoriroq bo‘lganini biladi», degan saylovlardan keyin qamoqxonaga Saakashvilini ko‘rish uchun borgan Xerxeulidze.

Nino Lomdjariya Saakashvili qo‘lga olinishi bilan uni ziyorat qilish uchun Rustavidagi jazoni ijro etish muassasasiga bordi
ANADOLU AGENCY/GETTY

Xerxeulidzening so‘zlariga ko‘ra, Saakashvili Tbilisi merligi uchun saylovlarning ikkinchi turida uning partiyasidan nomzod bo‘lgan Nika Meliyani qo‘llab-quvvatlaydi.

Xalqaro kuzatuvchilar ikkinchi oktabr kungi saylovlarni raqobatbardosh deb baholashdi, shu bilan birga, jarayonga noteng sharoitlar, bosimlar va saylovchilarni sotib olish bilan bog‘liq holatlar ham ta'sir ko‘rsatgani qayd etilgan.

Gruziya shaharlarida ikkinchi tur keskin ruhda kechishi kutilmoqda, muxolifatchilarning yetakchilari saylovlarda jiddiy qoidabuzarliklar kuzatilganini aytishmoqda va shu bilan birga kurashni davom ettirishmoqchi, buni esa o‘sish deb hisoblash mumkin.

O‘tgan yilgi parlament saylovlarida muxolifat natijalarni tan olmagan va bir mandatli okruglarda ikkinchi turga boykot e'lon qilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid