Jahon | 10:15 / 06.10.2021
7978
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada kana chaqishi orqali yuquvchi noma'lum virus aniqlandi

Yaponiyaning Xokkaydo orolida mahalliy olimlar kana chaqishi orqali yuqishi va bezgakka olib kelishi mumkin bo‘lgan noma'lum virusni aniqlashdi. Virus Yyezo deb nomlangan.

Foto: Getty Images

Virusni Xokkaydo universiteti mutaxassislari aniqlashgan. Virus 2019 yilda 41 yoshli erkak o‘rmonda sayr qilish vaqtida kana chaqishidan keyin isitma va oyoqda og‘riq bilan shifoxonaga yotqizilganda ilk bor qayd qilingan.

Shunday simptomlar bilan kechgan ikkinchi holat esa 2020 yilda qayd qilingan. Tahlillar bemor ushbu hududda uchrovchi kanalar tashuvchi fanga ma'lum viruslar bilan emas, balki noma'lum virus bilan kasallanganini ko‘rsatgan. Ikkala holatda ham bemorlarda isitma hamda qonda trombotsitlar va leykotsitlar miqdori pasayishi kuzatilgan.

Bemorlar qoni namunalaridan olingan viruslarning genetik tahlili noma'lum virus nayroviruslar sinfiga kiruvchi ortonairovirusning yangi turi ekanini ko‘rsatgan. Ortonairoviruslar Qrim-Kongo gemorragik bezgagi, Nayrobi kasalligi viruslari kabilarni o‘z ichiga oladi.

Shundan keyin olimlar oxirgi yillarda kanalar chaqishidan keyin organizmida yuqorida keltirilgan kabi alomatlar kuzatilgan yana bir nechta bemordan qon namunalari olishgan.

Virusolog Keyt Matsunoning ta'kidlashicha, tadqiqotlar 2014 yildan beri Yaponiyada yangi virus bilan kamida 7 kishi zararlanganini ko‘rsatgan. Virusdan o‘lim holatlari qayd qilinmagan. Ta'kidlanishicha, virus orolda keng tarqalgan uchta kana turida aniqlangan.

Olimlarning aytishicha, ba'zi bemorlarda virus yuqishidan keyin buyraklar ishida buzilishlar kuzatilgan. Bundan tashqari, mutaxassislar yovvoyi hayvonlar, jumladan bug‘ular va yenotlar qon namunalarini ham tekshirishgan. Tahlillar ushbu jonzotlarda yangi virusga antitanachalar borligini ko‘rsatgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid