O‘zbekiston | 11:44 / 16.10.2021
453
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatining o‘z teleradiokanali tashkil etiladi

Toshkent viloyatining ham o‘z teleradiokanalini tashkil etiladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda ma'lum qildi.

Foto: Milliy mass-media fondi

“Toshkent viloyati qadimdan ilm-fan, hunarmandchilik, madaniyat yuksak taraqqiy etgan makonlardan biri bo‘lgani sizlarga ma'lum. O‘rta asrlarga oid tarixiy manbalarda, bundan ming yil avval Shosh viloyatida 40 ga yaqin obod shaharlar bo‘lgani yozib qoldirilgan. Amir Temur bobomiz hozirgi Oqqo‘rg‘on tumani hududidagi mo‘g‘ullar vayron qilgan qadimiy shaharni qayta tiklab, o‘g‘lining nomi bilan Shohruxiya deb atagani ham, buyuk sohibqironning bu o‘lkaga mehri o‘zgacha bo‘lganidan dalolatdir. 

Ushbu tabarruk diyor – Shayx Umar Bog‘istoniy, Xoja Ahror Valiy, Abu Sulaymon Banokatiy singari aziz avliyolarga beshik bo‘lganidan hammamiz iftixor qilamiz. Zangiota me'moriy majmuasi butun mintaqada ma'lum va mashhurdir. Ushbu tabarruk ziyoratgohni obod qilish bo‘yicha qator savobli ishlar amalga oshirilganidan barchangiz xabardorsiz.  

Toshkent viloyatida kamol topgan Badriddin Chochiy, Gulshan, Almaiy, Sidqiy Xondayliqiy, Muzayyana Alaviya singari o‘nlab yetuk ijodkorlar, o‘z davrida viloyat rivojiga munosib hissa qo‘shgan Hamroqul Tursunqulov, Jo‘ra Xonnazarov, Sulton Segizboyev, Kim Pen Xva, Tursunoy Oxunova kabi taniqli insonlarning nomlarini chuqur hurmat bilan yodga olamiz.

Xumson qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan taraqqiyparvar olim, shoir va tarjimon Elbek “Millatning najoti – maktabda, muallimda”, deb bilgan. Abdulla Avloniyning shogirdi bo‘lgan adib, yangi usuldagi ko‘plab darslik va qo‘llanmalar yaratgan. Mustabid tuzum davrida qatag‘onga uchragan istiqlol fidoyisining nomini abadiylashtirish maqsadida Nurafshon shahrida ko‘rkam va zamonaviy kutubxona barpo etib, uni Elbek nomidagi viloyat markaziy kutubxonasi, deb atasak, sizlar nima deysizlar? 

Bugungi axborot va yangiliklarga talab tobora kuchayib borayotgan bir paytda Toshkent viloyatining ham o‘z teleradiokanalini tashkil etish vaqti keldi, deb hisoblayman”, dedi prezidentlikka nomzod.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid