Jahon | 12:20 / 20.10.2021
16290
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda Almazbek Atamboyevga chiqarilgan jazo hukmi tiklandi

Foto: Pavel Lisitsyn / Getty Images

Qirg‘iziston oliy sudi respublikaning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevga jinoiy avtoritet Aziz Batukayevning noqonuniy ozodlikka chiqishi bo‘yicha chiqarilgan jazo hukmini qaytadan tikladi. Bu haqda Atamboyevning advokati Sergey Slesarev ma'lum qildi.

Sud ushbu qarorni 12 oktyabrda qabul qilgan. Slesarevning eslatishicha, 2020 yil noyabrda oliy sud Atamboyevga pastki instansiyalar tomonidan chiqarilgan hukmni bekor qilgan. Ushbu ish o‘shanda Bishkek tuman sudiga qayta ko‘rib chiqilish uchun jo‘natilgan.

“Oliy sud o‘z qarori bilan Atamboyevga chiqarilgan 11 yil 2 oylik qamoq jazosini tikladi. Shu tariqa, Atamboyev yana sudlangan deb hisoblanadi. Oliy sud avvalgi qarorini bosh prokuratura so‘rovi bilan bekor qildi. Ya'ni sud o‘shanda hukmni noqonuniy bekor qilganiga rozi bo‘lgan”, deb aytgan Atamboyevning advokati.

Uning ta'kidlashicha, oliy sud bir yil avval jazo hukmini bekor qilishini o‘shanda Atamboyevning huquqlari buzilgani, jumladan u sud jarayonida va hukm chiqarilishida ishtirok etmagani bilan tushuntirgandi.

Endi esa ushbu ish bo‘yicha yana sud yig‘ilishi o‘tishi kutilmoqda. Unda bosh prokuratura e'tirozi va Atamboyev advokatlari shikoyati ko‘rib chiqiladi.

Ish kassatsiya sudiga yangidan ko‘rib chiqish uchun jo‘natilgan. Oliy sudning o‘z qarorini bekor qilishi ushbu ish bo‘yicha o‘tayotgan boshqa ayblanuvchilarga ham taalluqli hisoblanadi.

2006 yilda Aziz Batukayev Bishkek yaqinidagi koloniyalardan birida ommaviy tartibsizliklar tashkillashtirgani uchun 16 yil 8 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. O‘sha g‘alayon vaqtida deputat Tinichbek Akmatbayev, jazolarni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Ikmatulla Polotov va parlamentning ikki a'zosi o‘ldirilgan. 2013 yilda Batukayev shifokorlar komissiyasi xulosasiga ko‘ra sog‘lig‘i bo‘yicha qamoqxonadan muddatdan oldin ozod qilingan. Komissiya o‘shanda unga qon saratonining oxirgi bosqichi tashxisini qo‘ygan. Batukayev qamoqxonadan chiqqandan bir necha soat o‘tib yangi pasport olgan va u bilan Qirg‘izistondan chiqib ketgan. Tergovning fikricha, jinoiy avtoritetning ozod qilinishiga yuqori mansabdor shaxslar, jumladan Atamboyev ham aloqador hisoblanadi.

Mavzuga oid