Sayyohlar Misrda yangi kupyuralar muomalaga kiritilishidan ogohlantirildi
Misrda noyabrdan mahalliy valuta – Misr funtining yangi kupyuralari muomalaga kiritiladi. Bu haqda Rossiya turoperatorlar assotsiatsiyasi xabarnomasida ma'lum qilingan.
Misr markaziy banki noyabr boshida mamlakatda 10 va 20 Misr funtining yangilangan banknotalari qo‘llana boshlanishini ma'lum qilgan.
Ta'kidlanishicha, banknotalarning dizayni avvalgidek qoladi, biroq ularda haqiqiyligini tasdiqlovchi golografik belgi paydo bo‘ladi.
Banknotalar polimer materiallardan tayyorlangan bo‘lib, buning evaziga ularning xizmat muddati 3 karra oshadi.
Bundan tashqari, yangi kupyuralar qalbakilashtirilishdan va sirtiga turli yozuvlar qoldirilishidan yaxshiroq himoyalanadi. Ta'kidlanishicha, hozirda muomalada bo‘lgan kupyuralar sirtida yozuv qoldirish mumkin bo‘lsa, yangilarida buning iloji bo‘lmaydi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, eski kupyuralarning yangilari bilan almashtirilishi sekin-asta amalga oshiriladi. Shu sababli sayyohlarning xavotirlanishiga o‘rin yo‘qligi aytilgan. Yangi banknotalarning birinchi partiyasi oz miqdorda chiqariladi.
Turoperatorlarning eslatib o‘tishicha, Misrda do‘konlar, restoran, kafe va boshqa joylarda nafaqat Misr funtlarida, balki dollar va yevroda ham to‘lovni amalga oshirish imkoni bor. Shuningdek, deyarli barcha joyda bank plastik kartalari qabul qilinadi. Agar sayyohlarga naqd mahalliy valuta kerak bo‘lsa, ular plastik kartalaridagi mablag‘larni mehmonxonalarda joylashgan banknomatlar orqali yechib olishlari mumkin bo‘ladi.
Mavzuga oid
10:26 / 03.11.2024
O‘zbekistonga xorijdan kelgan sayyohlar soni ma’lum qilindi
16:19 / 31.08.2024
Italiyada sayyohlar uchun kunlik soliq 25 yevrogacha oshirilishi mumkin
14:26 / 23.08.2024
Buyuk Xitoy devorida sayyohlarga dronlar bilan ovqat yetkazish xizmati yo‘lga qo‘yildi
18:42 / 31.01.2023