O‘zbekiston | 13:28 / 21.10.2021
8046
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Jizzaxda rejalashtirilgan qurilishlar haqida ma'lumot berdi

“Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari birinchi bor 2018 yilda Jizzax viloyatida boshlanib, Manas qishlog‘i hamda Mirzacho‘l tumani markazi qisqa muddatda obod qilindi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi.

Foto: Milliy mass-media fondi

“Bu borada Jizzaxda orttirilgan tajriba butun mamlakatimiz uchun o‘rnak va namuna bo‘ldi, desak, bu ham adolatdan bo‘ladi. Shuning uchun, ishlarni davom ettirish maqsadida, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 208 ta qishloq va mahallada keng ko‘lamli obodonlashtirish va qurilish-ta'mirlash uchun 1 trillion so‘m ajratiladi. Baxmal, Zomin, Forish va Yangiobod tumanlarining 28 ta mahallasida ijtimoiy obektlar va infratuzilmani yaxshilashga alohida 200 milliard so‘m yo‘naltiriladi; 

875 kilometr ichimlik va 96 kilometr oqova suv tarmoqlari, 103 ta inshoot barpo etilib, bunga 2 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Natijada, aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash darajasi 60 foizdan 90 foizga yetkaziladi. 5 ming kilometr elektr tarmoqlari, 2 ta podstansiya, 1,5 mingta transformator yangilanadi va ta'mirlanadi. 3,5 ming kilometr avtomobil yo‘llari va ichki ko‘chalar, 165 ta ko‘prikni qurish-ta'mirlash ishlari bajarilib, bunga 2 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Shuningdek, Zarafshon daryosidan suv olish bo‘yicha tarixiy loyiha yakunlanib, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Do‘stlik, Paxtakor, Mirzacho‘l tumanlari va Jizzax shahrida 700 ming aholining markazlashgan ichimlik suvi ta'minoti yaxshilanadi. 

Bundan tashqari, 200 million dollar investitsiya hisobiga Zomin, Baxmal, G‘allaorol tumanlaridan o‘tuvchi avtomagistralning 158 kilometri rekonstruksiya qilinadi. 

Aholining uy-joy bilan bog‘liq masalalarini hal qilish maqsadida, kelgusi besh yilda jami 18 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar barpo etiladi, uy-joyga muhtoj 3 mingta ehtiyojmand oilaga 120 milliard so‘m subsidiyalar ajratiladi. Sharof Rashidov, Zomin, G‘allaorol, Baxmal, Paxtakor va Forish tumanlarida ehtiyojga qarab 6 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar, maktab, bog‘cha, shifoxona, savdo markazi kabi obektlardan iborat Yangi O‘zbekiston massivlari barpo etiladi.

Shu bilan birga, Jizzax shahri aholisi bugungi kunda 180 mingdan oshib, kelgusi besh yilda 230 mingga yetishi kutilmoqda. Lekin, shaharning infratuzilmasi 50 yil ichida ancha eskirib, hali ham 50 ming aholiga mo‘ljallangan desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Shu bois, shaharning qiyofasini, infratuzilmasini tubdan yaxshilash, aholi va tadbirkorlar uchun munosib sharoit yaratish bo‘yicha alohida dasturni amalga oshiramiz.

Bunda, eng avvalo, Jizzax shahrida 10 ming xonadonga mo‘ljallangan, barcha ijtimoiy va iqtisodiy infratuzilmaga ega “Yangi O‘zbekiston shaharchasi” va kichik sanoat zonasi barpo etiladi. Mavjud 34 ta mahallaga 70 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 534 ta ko‘p qavatli eski uylarning barchasi ta'mirlanadi. Ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha 80 million dollarlik loyiha yakunlanib, markazlashgan ichimlik suvi qamrovi 100 foizga, oqova suv xizmatlari – 90 foizga yetkaziladi.

Shaharning issiqlik ta'minotini yaxshilash bo‘yicha ham maxsus dastur amalga oshiriladi. Temiryo‘lchilar ko‘chasida 700 metrlik yo‘l o‘tkazgich qurilib, temiryo‘l kesishmalaridagi transport tirbandligi bilan bog‘liq masala uzil-kesil hal etiladi. 50 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston bog‘i”, 25 gektarda “yashil maydonlar” barpo etiladi, shaharda yiliga kamida 100 ming tup mevali va manzarali daraxtlar ekiladi.

Umuman olganda, kelgusi besh yilda Jizzax viloyatini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish uchun davlat hisobidan 45 trillion so‘m ajratiladi va 230 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratiladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Mavzuga oid