Light | 17:25 / 23.10.2021
24756
5 daqiqa o‘qiladi

Istanbuldagi Galata qal'asi – o‘tmishda va bugun (foto)

“Istanbulga amaliyot o‘tash uchun yetib kelib, joylashganimdan so‘ng, birinchi bo‘lib Galata qal'asi joylashgan Beyog‘lu rayoniga bordim”, deya hikoya qiladi Uzbek.life kolumnisti Sabohat Rajabova.

Siz ham o‘z hikoyalaringizni biz bilan bo‘lishmoqchi bo‘lsangiz Telegram’da @uzbeklifebot ga murojaat qiling.

Boy va rang-barang tarixga ega bu qal'a haqida turli va qiziqarli rivoyatlar mavjud.

Oltin Shoxdan Galata qal'asiga nazar

Galata qal'asi milodiy yilning 507 – 508 yillarida Vizantiya imperatori Yustinianus tomonidan barpo etilgan. Ayni paytda saqlanib qolgan qal'ani 1348 – 1349 yillarda jyenevaliklar qaytadan qurgan. Bugungi kungacha qal'a binosi zilzila va yong‘in tufayli bir necha marta restavratsiya qilingan bo‘lib, oxirgi marta 1967 yilda qaytadan ta'mir qilingan.

Galata qal'asi joylashgan gavjum ko‘cha

Qariyb 15 asr davomida kuzatuv minorasi, urushda asir olingan insonlarni saqlash joyi, zindon, kema uchun kerakli ashyolar saqlangan ombor, yong‘in qal'asi va qahvaxona sifatida xizmat qilgan ushbu minora ayni paytda mehmonlar uchun muzey sifatida ochiq.

Galata qal'asidan Bosfor va Aya Sofiya masjidi  manzarasi

Turkiya tarixida ilk parvoz

Hezarfen Ahmed Chelebining ismi Turkiya tarixida ilk parvoz qilgan olim sifatida muhrlanib qolgan. U XVII asrda yashagan bo‘lib, sulton Murod IV hukmronligi davrida (1623 – 1640) faoliyat ko‘rsatgan va o‘z qo‘llari bilan qanot yasagan. Galata qal'asidan parvoz qilganligi va ko‘p sohalarda bilimli bo‘lganligi uchun Hezarfen, ya'ni bir nechta fanning ziyoli bilimdoni, laqabini olgan.

Galataning Bosforga ochilgan balkoni

Qushlarning parvozi va qanot qoqishini diqqat bilan kuzatgan, parvoz texnikasini tushunib, qanotlar yasagan Hezarfen avval Istanbuldagi O‘q maydonida bir necha marta uchishga urinib ko‘rgan va bir kuni ertalab Bosfor bo‘yida to‘plangan aholining ko‘z oldida Galata qal'asidan o‘zi yasagan qanotlari yordamida o‘zini bo‘shliqqa qo‘yib yuborib, Bosforni oshib, Uskyudargacha parvoz qilishga muvaffaq bo‘lgan. Bu parvoz Yevropada katta qiziqish bilan kutib olinib, Angliyada keyinchalik bu parvoz tasvir qilingan gravyuralar ham paydo bo‘lgan.

Qal'aning tepasiga chiqish uchun mo‘ljallangan zinalar

Saroyburnidagi Sinan posho saroyidan bu parvozni tomosha qilgan sulton Murod IV esa Hezarfen Ahmed Chelebi faoliyati bilan avvaliga yaqindan qiziqadi. So‘ngra esa bu darajada bilimli va mohir insonning mavjudligidan xavotirlanib, uni Jazoirga surgun qiladi. Hezarfen Ahmed Chelebi u yerda vafot etadi. Unga oid yagona tarixiy manba mashhur Usmonli sayyohi va tarixchisi Avliyo Chelebining “Sayohatnoma” nomli asarida keltirib o‘tiladi.

Bosfordan turib suratga olingan Galata qal'asi

Galata qal'asi afsonasi

Galata qal'asi afsonalaridan biri quyidagicha. Galata qal'asi va Qiz qal'asi bir-biriga oshiq bo‘ladi, ammo ularning orasidagi Istanbul bo‘g‘ozi, ya'ni Bosfor ikki sevgilining birgalikda bo‘lishlariga to‘sqinlik qiladi. Galata qal'asi uzoq yillar mobaynida Qiz qal'asiga tuyg‘ularini ko‘rsatish uchun ishq maktublari yozadi. Hezarfen Ahmed Chelebi orzusini ro‘yobga chiqarish uchun qal'aning tepasiga chiqqanida Galata u bilan Qiz qal'asiga yozgan maktublarini berib yuboradi. Istanbulning shamolidan kuch olgan Hezarfen Qiz qal'asiga maktublarni yetkazganida, Qiz qal'asi o‘z platonik sevgisining javobsiz emasligini ko‘rib, xursandligidan boshi ko‘kka yetadi. Bu ikki oshiqning sevgisi bir necha asrlardan beri tilga olinib, ayni paytda bu ikki qal'a Istanbulning eng go‘zal manzarasining sababchisi bo‘lib turibdi.

 

Sabohat Rajabova
Uzbek.life kolumnisti

Mavzuga oid