Jahon | 20:11 / 24.10.2021
5703
3 daqiqa o‘qiladi

Gruziyada hukumat Saakashvilini yo‘q qilmoqchiligi aytildi. Bosh vazir buni uydirma deb atadi

Foto: press-service of the Government of Georgia / FB

Gruziyaning sobiq prezidenti, hozirda turmada ushlab turilgan Mixail Saakashvilining advokati Nika Gvaramiya hukumat siyosatchini yo‘q qilishni rejalashtirayotganini aytdi. Uning ta'kidlashicha, turmada ochlik e'lon qilgan Saakashvili sog‘lig‘i yomonlashgani sababli turma shifoxonasiga o‘tkazilishi va u yerda uni bartaraf etish maqsadida tartibsizliklar uyushtirilishi rejalashtirilmoqda.

1 oktyabrda hibsga olingan siyosatchi hozirda Rustavi shahridagi turmada saqlanmoqda va 24 kundan beri tuz totishdan bosh tortmoqda. Gruziya sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida tashkil etilgan shifokorlar konsiliumi Saakashvilini shahar shifoxonasiga o‘tkazishni tavsiya qilgan. Biroq Gruziya adliya vazirligi sobiq prezidentni Tbilisidagi turmalardan birining shifoxonasiga o‘tkazishga rozilik bergan. 

Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili Gvaramiyaning Saakashvilini yo‘q qilishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqidagi so‘zlarini “uydirma va ig‘vo” deb atadi.

“Bu butkul uydirma va ig‘vo. Aholi Saakashvilining tarafdorlari kelasi shanbada o‘tadigan saylovlar oldidan sarosima ko‘tarishga urinayotganlarini yaxshi fahmlaydi. Kelayotgan hafta og‘ir kechadi, boshqa yolg‘on bayonotlar ham paydo bo‘ladi”, deb aytgan bosh vazir jurnalistlarga.

Uning ta'kidlashicha, Saakashvili prezident bo‘lgan davrda turmalarda haqiqatan odamlar o‘ldirilgan va qiynoqqa solingan.

“Saakashvili tarafdorlari hafta davomida bu odam qanday qiyinchiliklarni boshdan kechirayotganini ko‘rsatishga urinadi. Ammo uning ovqatlanishiga hech kim qarshilik ko‘rsatmayapti. Shifokorlar Saakashvili sog‘lig‘i ortidan to‘liq nazorat olib borishmoqda. Shu sababli sobiq prokuror Gvaramiyaning (Saakashvili vaqtida Gvaramiya adliya vaziri va bosh prokuror o‘rinbosari lavozimlarini egallagan) bayonotlari sahnalashtirilgan tomosha ko‘rsatishga yana bir urinish hisoblanadi. Biroq u muvaffaqiyatsizlikka uchraydi”, deb qo‘shimcha qilgan Garibashvili.

Gruziya bosh vaziri zarurat holatida Saakashvili shahar shifoxonasiga emas, balki turma shifoxonasiga ko‘chirilishini yana bir marotaba ta'kidlab o‘tgan. U yerda sobiq prezidentga barcha zaruriy muolajalar o‘tkazilgach, u yana turmaga qaytariladi.

Saakashvili Ukrainadan Gruziyaga 29 sentyabrda yashirincha kelgan. U 1 oktyabrda Tbilisida qo‘lga olingan. Siyosatchi o‘z vatanida bir nechta jinoiy ishlar bo‘yicha ayblanuvchi hisoblanadi.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid