Jahon | 21:08 / 27.10.2021
4619
2 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili o‘ziga tibbiy yordam ko‘rsatilishini rad etdi

Mixail Saakashvili unga yuridik yordam ko‘rsatilishini rad etishgani uchun tibbiy kuzatuvdan bosh tortayotganini aytgan.

Foto: Maciej Luczniewski / Zuma / TASS

Rustavi shahridagi qamoqxonada ochlik e'lon qilgan Gruziya sobiq prezidenti Mixail Saakashvili tibbiy kuzatuvni rad etdi. Bu haqda Ukraina oliy radasi deputati, vrach Maksim Perebeynos ma'lum qildi.

“Afsuski, menga shifokor sifatida Saakashvilining holatini tekshirishga ruxsat berishmadi, qamoqxona ma'muriyati meni deputat sifatida kiritdi. Biz oyna orqali gaplashdik. 27 kun davomida och bo‘lgan odam tibbiy kuzatuvga muhtoj bemorga aylanadi deb o‘ylayman. Misha unga yuridik yordam ko‘rsatilishini rad etishgani uchun tibbiy kuzatuvdan bosh tortayotganini aytdi”, — deya Perebeynosning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Interpressnews.

Saakashvili Ukrainadan Gruziyaga 29 sentyabrda yashirincha kelgan. U 1 oktyabrda Tbilisida qo‘lga olingan.

Ayni vaqtda Saakashvili prezident bo‘lgan vaqtida xizmat vakolatlarini suiiste'mol qilish va ulardan g‘arazli maqsadda foydalanish ayblovlari bo‘yicha mos ravishda 3 va 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Saakashviliga yana ikkita ayblov qo‘yilgan. Jumladan, u davlat mablag‘larini o‘z ehtiyojlariga ishlatishda ayblanmoqda. Hozirda ushbu ishlarning sudda ko‘rilishi davom etmoqda.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid