Jahon | 09:49 / 12.11.2021
3309
2 daqiqa o‘qiladi

Turkish Airlines Minskka reyslariga Iroq, Suriya va Yaman fuqarolarini qo‘ymaslikka va'da berdi

Turkish Airlines aviakompaniyasi Belarus va unga qo‘shni davlatlar chegaralaridagi migratsiya inqirozi sababli Minskka reyslariga Iroq, Suriya va Yaman fuqarolarini qo‘ymaydi. Bu haqda Polsha prezidenti devonxonasi vakili Yakub Kumox ma'lum qildi.

Foto: azlyrics

Avvalroq Turkish Airlines migratsiya inqiroziga aloqadorlikda ayblangandi. Aviakompaniya bir qator g‘arb ommaviy axborot vositalarida Belarus hukumati bilan hamkorlik qilayotganlikda va respublikaga migrantlarni yetkazayotganlikda ayblangan.

“Turkish Airlines Minskkacha samolyotlariga Iroq, Suriya va Yaman fuqarolarini olmaslikka va'da berdi. Diplomatik pasport egalari bundan mustasno”, deb yozgan Kumox Twitter’da.

 Avvalroq Bloomberg axborot agentligi Polsha va Belarus chegarasidagi migratsiya inqirozi sababli Rossiyaning “Aeroflot” va Turkish Airlines aviakompaniyalariga sanksiyalar kiritilishi mumkinligini ma'lum qilgan. Ikkala kompaniya ham Belarusga migrantlarni yetkazishga aloqador emasligini aytgan.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas Yevropa ittifoqi migrantlarni noqonuniy tashishga aloqador barcha shaxslar, kompaniyalar va Minskka qarshi sanksiyalarni kengaytirishni rejalashtirayotganini ta'kidlab o‘tgan. 

Yozda Belarusning Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlari bilan chegarasida G‘arbiy Yevropaga o‘tishga urinayotgan Yaqin Sharq va Afrikadan qochqinlar oqimi ko‘paygandi.

8 noyabrda Polsha va Belarus chegarasida 2 mingga yaqin qochqin yig‘ilgandan keyin vaziyat keskin tus olgan. Polshalik harbiylar qochqinlarning chegarani yorib o‘tishga bir nechta urinishlari oldini olishgan.

Litva, Latviya va Polsha ushbu vaziyatda Belarusni ayblamoqda, biroq Minsk bu ayblovlarni rad etmoqda. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Minsk qochqinlar oqimini boshqa ushlab turmasligini, chunki G‘arb sanksiyalari sababli mamlakatda “bunga na kuch va na pul borligi”ni aytgan.

Mavzuga oid