Jahon | 09:12 / 14.11.2021
25259
2 daqiqa o‘qiladi

Misrda chayonlar hujumi: uch kishi halok bo‘lib, yuzlab kishilar jabrlandi

Misrda kuchli yomg‘ir tufayli shahar ko‘chalariga chayonlar yopirilishidan keyin uch kishi hashorat chaqishidan vafot etib, yuzlab kishilar zaharlandi.

Foto: AFP/Getty Images

Mamlakat janubida, Nil daryosi yoqasida joylashgan Asuan shahri hashoratlar hujumiga uchragan. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddisining so‘zlariga ko‘ra, suv toshqinidan keyin shaharda 450 nafardan ortiq kishini chayon chaqqan.

Juma kuni Nil daryosi atrofidagi hududlarda kuchli yomg‘ir yog‘ib, jala va do‘l kuzatilgan, chayonlarni ularni doimiy yashash joyi - tog‘ va cho‘l hududlardagi inlaridan shaharlar tomon yo‘naltirgan. bunday ob-havo ushbu hudud uchun noodatiy hisoblanadi, natijada ko‘plab chayonlar va ilonlar ko‘chalarga oqib kelgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligidan xabar berishlaricha, tog‘lar va sahro yaqinida joylashgan qishloqlardagi tibbiy markazlarga zaharga qarshi vositalarning qo‘shimcha dozalari yuborilgan.

Aholi vaksinatsiyasiga jalb qilingan tibbiyot xodimlarining bir qismi chayon chaqishidan jabrlangan kishilarga yordam ko‘rsatishi uchun chaqirib olingan.

Aholi uydan chiqmaslikka chaqirilmoqda va daraxtzorlar ichiga kirmaslik tavsiya etilmoqda.

Misr - semiz dumli chayonlar (Androctonus crassicauda) vatani hisoblanadi, bu dunyodagi eng xavfli chayon turidir. Bunday chayon zahri og‘ir zaharlanish chaqiradi va chayon chaqqan odam bir soat ichida vafot etishi mumkin. Qora chayon chaqishi ayniqsa bolalar va keksalar uchun xavfli hisoblanadi.

Chayon chaqishi simptomlari sirasiga nafas olishda qiynalish, mushaklardagi spazmlar va bosh aylanishini keltirish mumkin.

Zaharga qarshi vositalar simptomlar paydo bo‘lishidan oldin profilaktik chora sifatida qo‘llanadi, ammo bunday dori alomatlar yomonlashishidan keyin ham samarali bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid