Fan-texnika | 08:26 / 21.11.2021
53804
6 daqiqa o‘qiladi

Rul va pedallarsiz ilk avtomobil, suzib yuruvchi eko-shahar, ishonchli va ishonchsiz avtomobillar reytingi – hafta texnologik dayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi eng qiziqarli texnoxabarlarni jamladi.

Foto: Bloomberg

Rul va pedallarsiz ilk avtomobil

Apple kompaniyasi o‘z avtomobilini ishlab chiqish jarayonini tezlashtirmoqda va uni butunlay avtonom boshqaruvga yo‘naltiryapti.

Avtomobilda rul orqali boshqaruv va pedallar bo‘lmaydi, deya taxmin qilinyapti. Biroq qo‘lda boshqarish avariyaviy rejimi bilan jihozlash masalasi hali muhokama qilinyapti, deya yozmoqda Bloomberg.

Salon markazida iPad’ga o‘xshagan katta sensor ekran bo‘ladi. Uning yordamida foydalanuvchilar yo‘lda ketish vaqtida axborot-ko‘ngilochar tizimni qo‘llashi mumkin. Avtomobil Apple’da mavjud servis va qurilmalarga integratsiya qilinadi.

Boshqaruv tizim uchun asosiy mikrosxema deyarli tayyor. U avtonom boshqarish uchun zarur bo‘lgan operatsiyalarni sun’iy idrok yordamida qayta ishlovchi ko‘plab neyron protsessorlardan iborat.

Apple o‘zining boshqaruvchisiz avtomobilini to‘rt yildan keyin chiqarishni maqsad qilgan. Muddatlar o‘zgaruvchan. Bu maqsadga 2025 yilda erishish kompaniyaning avtonom boshqaruv tizimini yaratishni tugatish imkoniyatlariga bog‘liq. Agar Apple bu maqsadga erisha olmasa, loyihani chetga surib qo‘yishi yoki dastlab boshqaruv texnologiyalari u qadar mukammal bo‘lmagan avtomobil ishlab chiqarishi ham mumkin.

Ishonchli va ishonchsiz avtomobillar reytingi

Amerikaning mashhur Consumer Repors jurnali eng ishonchli va ishonchsiz avtomobillarning navbatdagi reytingini e’lon qildi. Reyting jurnal klubiga a’zo bo‘lgan avtomobil egalarining so‘nggi 12 oy ichida muayyan modellar bo‘yicha tajribalari, duch kelgan muammolar va umumiy qulayliklar haqidagi fikr-mulohazalari asosida tuzilgan.

Navbatdagi reytingda o‘ntalikdan to‘qqiztasini Yaponiya va Koreya brendlari — Toyota, Lexus, Mazda, Honda, Subaru, Kia avtomobillari egallagan. Reytingning eng yuqori pog‘onasida Lexus GX yo‘ltanlamasi.

Birinchi o‘ntalikda Yevropa avtomobil brendlarining bitta ham modeli yo‘q, Amerika modellaridan esa faqat bittasi — Cadillac XT5 krossoveri joy olgan.

Reytingning eng quyi qismida Mercedes-Benz GLE krossoveri joylashgan. Shuningdek, so‘nggi o‘nlikdan Ford Explorer, Ford Mustang, Chevrolet Corvette, Volvo XC 90, Volkswagen Tiguan, Tesla Model Y modellari ham o‘rin olgan.

Suzib yuruvchi eko-shahar

Foto: prnewswire.co.uk

Saudiya Arabistonida Oksagon deb nomlangan suzib yuruvchi ekologik shahar qurilishi boshlandi. Bu haqda mamlakat valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon ma’lum qildi, deb xabar berdi Neom.

Bu Qizil dengiz sohilida suzib yuruvchi sakkizburchak shaklidagi shahar bo‘ladi. U faqat sof energiya yordamida ishlaydi va eng ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlanadi.

Oksagon maydoni Nyu-York hududidan 33 marta katta bo‘ladi va dunyodagi eng ilg‘or logistik markaz bo‘lishi aytilmoqda.

Shahar qurilishi 2030 yilda yakunlanishi rejalashtirilgan.

Elektron Hummer

Foto: General Motors

AQSh prezidenti Jo Bayden General Motors kompaniyasining Detroytdagi yangi GM Factory Zero zavodi ochilishida ishtirok etdi. Bu marosim davomida Bayden kompaniya ishlab chiqargan yangi elektron Hummer pikapini haydab ko‘rdi.

AQSh prezidenti yangi Hummer'dagi maxsus Crabwalk rejimini ham sinab ko‘rdi. Bu rejimda mashinaning to‘rtta g‘ildiragi birdaniga buriladi. Bu tor joylarda mashinani burib olishda qulaylik yaratadi.

«Bu pikap mendagi Corvette'dan uch baravar og‘ir, lekin ancha tezkor. Hummer – juda zo‘r mashina», deb Baydenning so‘zlarini keltirmoqda Reuters.

Elektrlashtirilgan GMC Hummer EV 2020 yil yakunida namoyish qilingandi. Mashinaning eng zo‘r versiyasi umumiy ming ot kuchiga ega uchta agregatdan iborat. Mashinaning akkumulyatori bir to‘ldirilganda 550 km harakatlanish uchun yetarli bo‘ladi, narxi hozircha 110 ming dollarga baholangan va keyinchalik arzonlashishi kutilmoqda.

Huawei’ning ilk elektromobili

Foto: Huawei

Huawei kompaniyasi o‘zining ilk elektromobilini namoyish etdi. Avatr brendi ostidagi elektromobil taqdimoti Guanchjou avtosalonida bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Autohome.

Elektromobil Changan va CATL kompaniyalari ishtirokida ishlab chiqarilgan.

Mashina 4 soniya ichida tezligini soatiga 100 kilometrga yetkaza oladi. Bir marta quvvatlanish orqali 700 kilometrgacha yo‘l bosadi.

Bundan tashqari, elektromobil to‘rtinchi darajali avtopilotga ega bo‘lib, imkoniyatlari bo‘yicha Tesla tizimidan ustun turadi.

Elektromobilni seriyali ishlab chiqarish 2022 yil bahordan boshlanadi.

Apple mijozlari qurilmalarini o‘zlari ta’mirlashi mumkin bo‘ladi

Apple kompaniyasi Self Service Repair dasturini e’lon qildi. Unga ko‘ra, kompaniya tomonidan sotiladigan original ehtiyot qismlardan foydalangan holda mijozlar o‘z qurilmalarini o‘zlari ta’mirlashlari mumkin bo‘ladi. Apple dasturni 2022 yil boshida AQShda, yil davomida esa yana bir qator mamlakatlarda ishga tushiradi.

Dastlab mazkur taklifdan iPhone 12 va iPhone 13 smartfon egalari foydalanishlari mumkin. Keyinroq esa kompaniya M1 chipli Mac kompyuterlari, jumladan, MacBook Air, 13 dyuymli MacBook Pro, Mac mini va 24-dyuymli iMac’ni mustaqil ta’mirlash uchun ham ehtiyot qismlarni taqdim etadi.

Mavzuga oid