O‘zbekiston | 15:02 / 22.11.2021
2229
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratoniga 6000 nafar ayol skrining tekshiruvdan bepul o‘tkazildi

Foto: KUN.UZ

8 apreldan beri yurtimizda 6000 nafar ayol bachadon bo‘yni saratoniga bepul tekshiruvlardan o‘tkazildi va ularning qariyb 12 foizida papilloma virusi aniqlandi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xabar berdi.

O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratoniga qarshi kurashish monitoringini olib borish maqsadida Virusologiya ITI Janubiy Koreyaning KOFIH fondi bilan hamkorlikda Toshkent shahri, Andijon va Samarqand viloyatlarida pilot loyihani yo‘lga qo‘ygan edi. 4 yil davomida amalga oshiriladigan loyihada 50 ming nafar ayol tekshiruvdan o‘tkazilishi mo‘ljallangan.

“Skrining tekshiruvlar joriy yilning 8 aprelidan boshlangan edi. Hozirda birgina Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan skrining tekshiruvlarida jami 6000 nafar 30 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lgan barcha ayollar bepul tekshiruvdan o‘tkazilgan. Tekshiruvdan o‘tkazilgan 11,7 foiz ayollarda papilloma virusi (OPV) aniqlandi.

Skrining tekshiruvlar poytaxtning Yunusobod, Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Shayxontohur tumanlari va 2-sonli Toshkent markaziy poliklinikalarida tashkil etilgan.

Tekshiruvdan o‘tkazilgan ayollarga skrining tekshirish jarayonida aniqlangan o‘zgarishlar tegishli shifokorlar tomonidan nazoratga olinib, kerakli tavsiyalar berilmoqda”, dedi SES matbuot kotibi Muhammadjon Bozorov.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda turadigan va eng keng tarqalgan saraton xastaligi hisoblanadi. Kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon saratoni tufayli o‘limdan keyin uchinchi o‘rinda va tug‘ish yoshidagi ayollar (15-44 yosh) orasida bachadon saratonidan o‘lim ko‘rsatkichi ikkinchi o‘rinda turadi.

O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 1700-1800 ayolga bachadon bo‘yni saratoni tashxisi qo‘yiladi va ularning 42 foizdan ortig‘i hayotdan ko‘z yumadi. Ushbu o‘limlarning aksariyati tashxisni kech qo‘yish natijasida ro‘y beradi. Bachadon bo‘yni saratoni kasalligini keltirib chiqaruvchi sabablarning asosiysi (98-99 foizi) odam papilloma virusi (OPV) hisoblanadi.

Гулмира Тошниёзова
Tayyorlagan Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid