Rishtondagi Buloqboshi mahallasi: Ichishga yaroqsiz ariq suvi sabab kasallik ko‘paygan
Farg‘ona viloyati Rishton tumani Yuqori Buloqboshi qishlog‘ida yashovchi fuqarolar 30 yildan beri ichimlik suvi masalasida qiynalishayotgani, uni sotib olib ichishlarini, ko‘chalar ham asfaltlanmagani borasida murojaat qilishdi.
Hududdagi Yoshlar ko‘chasiga borib, suv va abgor ichki yo‘llar haqida yashovchi aholidan ma'lumot olmoqchi bo‘lib turgan edik hamki, Oq oltin ko‘chasida fuqarolari ham tahririyatdan kelganimizni sezib, ayni paytda ularni qiynab kelayotgan muammo — tabiiy gaz ta'minoti bo‘yicha e'tirozlarini bildira boshlashdi.
«Aqlli» gaz hisoblagichning «aqlsiz» ishlari
Mahalla faollaridan biri Saboxon Ismoilova yuzaga kelayotgan muammo bo‘yicha so‘zlab berdi.
«Gazga yangi hisoblagich o‘rnatib berishib, gaz ta'minoti yaxshi bo‘ladi, deb va'dalar berishdi edi. Yoz faslida gaz yaxshi yondi. Sovuq tushgan paytda kelgandi kimningdir uyda gaz bor, kimnikida esa yo‘q. Menda yongan gaz qo‘shni uyda yonmayapti. Qo‘shnim xafa bo‘lyapti. Nega sizda boru bizda yo‘q, deb. Ayrim oilalarda hatto 10 kundan beri gaz yo‘q.
Mas'ullarni chaqirdik. Ko‘rib berib ketishdi. Lekin baribir gaz ta'minoti abgor holatda. Qo‘shnilar bir-birimizdan xijolat ham bo‘lib qolyapmiz.
Mahallada yashovchi Halimjon Mirxo‘jayev esa yonmagan gazga pensiyasidan pul o‘tkazaverib, umidi so‘ngani haqida so‘zlab berdi.
«Uyda gaz yonmagani uchun qarzim bormikan, deb har xil xayolda gaz idorasiga bordim. Tekshirtirsam, 134 ming so‘m haqdor ekanman. Bunga qo‘shimcha, yonsa bo‘ldi deb yana to‘lov qilib keldim.
Gaz haftada uyimda 2 yoki 3 marta yonyapti xolos. Mendan keyingi xonadonlarda gaz yonyapti. Biznikida esa yo‘q. Mutaxassislar kelib o‘rganishib yangi gaz hisoblagichni tushunmaymiz, deb ketishdi.
Pensiyamdan gazga deb har oy o‘tkazib turibman. Endi esa yo‘q gazga pul o‘tkazgim ham kelmay qoldi. Yonmagandan keyin pul o‘tkazishni nima keragi bor. Pensioner odam bo‘lsam...»
85 yoshli otaxon Teshaboy Abdurahmonov uyni isitish uchun o‘tindan foydalanayotganliklarini ta'kidladi:
«Gaz muammosi faqat bizda deb o‘ylagan edik. Keyin bilsak boshqalarda ham shu muammo ekan. 15 noyabrdan keyin gaz ko‘tarilar ekan, deyishdi. Lekin ko‘tarilganicha yo‘q. Yaqinda «gazkontora»ga bordim. Gazdan qarzim yo‘q ekan.
Oilada yetti jonmiz. Bolalar maktabdan kelib o‘tin tayyorlab qo‘yishadi. Tayyorlagan o‘tinlari ertasi kuni ertalabgacha yetadi», – deydi kuyunganicha Teshaboy Abdurahmonov.
Suv ichishga yaroqsiz...
Yoshlar ko‘chasida yuzaga kelayotgan gaz muammosi haqida mahalla ahlining fikrlarini eshitib bo‘lgach, shu qishloqning Yoshlar ko‘chasida yashovchi fuqarolarning arz-dodiga quloq tutdik. O‘zini Rahimaxon Sultonova deb tanishtirgan ayol ichimlik suvi muammosi haqida so‘zlab berdi:
«Asosan mahalla ahlini ichimlik suvi muammosi qiynab keladi. Farg‘ona kanali suvi to‘xtab qolgudek bo‘lsa, bizga umuman suv bo‘lmaydi. Yuz-qo‘l yuvgani ham suv bo‘lmay qoladi.
Ichimlik suvini sotib olamiz. Sotib olgan suvimiz 3 kunga ham yetmaydi. 100 litr suvni idishimizga yarasha 7-8 ming so‘mdan sotib olamiz. Ko‘pchilik sotib olishga ham qiynaladi ichimlik suvini. Ba'zida mashinada suv kelmay qolsa zovurlar bo‘yiga suv olgani chiqamiz.
Ichimlik suvi chiqarib berishlarini so‘rab ko‘p bora tuman suv ta'minoti idoralariga ham chiqqanmiz. Ko‘p yillardan beri bu muammo bilan shug‘ullanamiz. Yoshlar mahallasida nihoyatda sharoit og‘ir. Tuman va viloyat hokimlari kelib sharoitlarimizni o‘rganishsin. Biz bilan muloqotda bo‘lishsin. Qo‘shni qishloqlarimizga ichimlik suvi kirib kelgan».
Yoshlar mahallasi faollaridan biri Burhonjon Xolmirzayevga mikrofon tutdik. U mutasaddilar «ana dasturga tushadi, mana dasturga dasturga tushadi» deb qo‘ynilarini puch yong‘oqqa to‘ldirib kelayotganliklarini ta'kidladi.
«Mahallaga 1990 yildan boshlab aholi ko‘chib chiqqan. Shundan buyon suv muammosi bilan «olishib yotibmiz». Ichadigan suvni maxsus suv tashiydigan mashinadan sotib olamiz.
2007 yilda «Vodakanal»ga ariza bilan murojaat qildik. Viloyatga chiqdik. 2009 yilgi dasturga kiradi deyishdi. Undan keyin 2011 yilga surishdi. Keyin esa 2013 yilga. Lekin haligacha bizni muammomiz hal etilganicha yo‘q.
Ariqlarda suv oqqani bilan shpritsmi, pampers bormi oqib keladi. Kasallik shundan kelib chiqyapti. Ko‘chamizda sirroz kasali bilan og‘riganlar ko‘paydi.
Dardimizni kimga aytamiz? Kechagi kuni kelib ichimlik suvi tarmog‘i tortish ishlarini yangi yildan keyin dasturga kiritib beramiz deb ketishdi. Bu borada murojaat qila boshlaganimizga 15 yil bo‘ldi. 15 yildan buyon «ertak» eshitamiz».
...asfalt yurishga yaroqsiz
Mahalla faollaridan yana biri Ikromjon Aminov esa mahallaning yana bir og‘riqli muammolaridan biri — asfaltlashtirish masalasi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
«Mahalla ahli hashar yo‘li bilan ko‘chalarga shag‘al to‘shab chiqdik. Murojaat qilganimizdan keyin yo‘l qurilishidan kelishib asfalt bo‘ladi deyishdi. Shag‘al to‘kildi ham. Lekin asfaltlashtirish ishlari amalga oshmay qolib ketdi. Ko‘cha boshigacha asfalt kirib keldi, lekin mahalla qolib ketdi.
Bolalarimizning oyog‘i uyga loy bo‘lib kelganini ko‘rib achinish paydo bo‘ladi. Mutasaddilardan mahalamizga kelib asl holat bilan tanishib ketishlarini iltimos qilib qolar edik», – deydi Ikromjon Aminov.
Mutasaddilar nima deydi?
Yuqori Buloqboshi qishlog‘i ahlini qiynab kelayotgan ichimlik suvi, tabiiy gaz va asfalt masalasida sohaga daxldor tuman mutasaddi idora mas'ullariga yuzlandik. Xo‘sh ular qishloq ahlini qiynab kelayotgan muammo haqida nima deydi?
Ichimlik suvi masalasida «Farg‘ona suv ta'minoti» MChJ Rishton tumani bo‘limi muhandisi G‘ayratjon Jamolov shunday dedi.
«Bu ko‘chani esa 2023 yilga dasturga kiritganmiz. 2023 yil I chorakda 6 km tarmoq, suv qudug‘i, suv minorasi o‘rnatish belgilangan.
Suv bosimining pastligi tufayli bu mahallaga ichimlik suvi yetib kelmagan. Masala ko‘proq mablag‘ga borib taqalyapti. Va'da qilib aytamanki, 2023 yil I chorakda Yoshlar mahallasiga suv tarmog‘i tortiladi».
Tabiiy gaz bo‘yicha kuzatilayotgan muammo haqida «Rishtontumangaz» bosh muhandisi Odiljon Hamidovning fikrlari bilan qiziqdik.
«Gaz tarmog‘ida muammo kuzatilgani yo‘q. Xonadonlarga aqlli gaz hisoblagichlar o‘rnatildi. O‘rnatilgan bunday gaz hisoblagichlar yuqori bosimga ishlar ekan.
Bosqichma-bosqich mahallalarda IIB, hokimiyat, mahalla raislari bilan hamkorlikda tungi reydlar uyushtirib kelyapmiz. Ba'zi joylarda gaz so‘rg‘ichdan foydalanish holatlari kuzatilyapti.
Aholi asosan eski, yuqori bosimga ishlaydigan pechkalardan foydalanishyapti. Yangi zamonaviy energiyani tejovchi tejamkor gorelkalar chiqqan hozirda. Hamma shu tejamkor gaz gorelkalaridan foydalansa hammasi tartibga tushadi.
Ba'zi joylarda gaz hisoblagichlar nosozligini ham aniqladik. Filtri ham tez to‘lib qolyapti.
Yangi gaz hisoblagichlar yuqori bosim bilan ishlar ekan. Bir hafta – 10 kunlar ichida tumanning gazlashgan qishloqlarini ko‘zdan kechirib muammoni bartaraf qilishiga harakat qilamiz».
Mahallani asfaltlashtirish masalasida tuman Obodonlashtirish boshqarmasi ichki yo‘llar texnik nazoratchisi Xaliljon Qosimovga mikrafon tutdik.
«Tumanimizda 907 kilometr ichki yo‘llar mavjud. Shundan 235 kilometri asfaltlashtirilgan. 726 kilometri shag‘allashtirilgan. 150 km yo‘limiz tuproqli hisoblanadi. Ichki yo‘llarni ta'mirlash uchun har yili boshqarmamizga mablag‘ ajratiladi. 2021 yilda 12 mlrd 200 mln so‘m mablag‘ ajratilgan.
Yoshlik ko‘chasi esa kelgusi yilda manzilli dasturga kiritilib asfaltlashtirib beriladi».
Ichimlik suvi, tabiiy gaz, ichki yo‘llarni asfaltlashtirish masalasida mavjud muammoning bartaraf etilishiga mas'ullar va'da berishdi. Lekin qishloq ahli berilgan va'dalarga negadir ishonmadi. Chunki bunday va'dalar avvallari ham bir necha marotaba berilgan, natija chiqmagan ekan. Endi natija bo‘larmikan?
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev
Mavzuga oid
12:39 / 12.11.2024
Farg‘onada korrupsiyaga qarshi kurashuvchi mansabdorning o‘zi korrupsiya bilan qo‘lga tushdi
13:10 / 10.11.2024
“Bahordan boshlab qishga tayyorlanamiz” – qish qarshisidagi farg‘onaliklar
10:06 / 10.10.2024
Farg‘ona viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
12:23 / 07.10.2024