Jamiyat | 10:54 / 01.12.2021
42126
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda moliyaviy piramida tashkil qilgan xorijliklar qo‘lga olindi

Ukraina fuqarosi ta’sis etgan Golden cash store MChJ mansabdorlariga nisbatan pul mablag‘larini noqonuniy jalb etganlik aybi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Foto: Tergov departamenti

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berishicha, 2020 yil 15 yanvar kuni Ukraina fuqarosi, 29 yoshli M.M. Toshkent shahrida Golden cash store MChJ shaklidagi xorijiy korxona ta’sis etgan. Korxonaning asosiy faoliyati chakana savdo bo‘lsa-da, M.M. bir guruh shaxslar bilan birgalikda fuqarolar orasida va internet tarmog‘i orqali ushbu korxonadan tilla va kumush buyumlarni sotib olish yo‘li bilan yillik 260 foizgacha daromad berib borishga qiziqtirgan holda targ‘ibot-tashviqot ishlarini uyushtirgan.

Ular shu yo‘l bilan fuqarolardan pul mablag‘larni qabul qilib, mijozlar oldidagi majburiyatlarini yangi mijozlar hisobidan daromad sifatida plastik kartalarga ma’lum miqdorda pul mablag‘larini o‘tkazish yo‘li bilan qiziqtirib, respublika bo‘yicha ko‘plab fuqarolarning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritgan.

2021 yil 17 noyabr kuni Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Golden cash store MChJ mansabdor shaxsiga nisbatan JKning 188-1-moddasi 2-qismi “v, g” bandlari (pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, mazkur ish doirasida chet el fuqarolari M.M., V.K., S.T., A.S. va X.Sh. ga 188-1-moddasi 2-qismi “v, g” bandlari bilan ayblov e’lon qilinib, har biriga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov olib borilmoqda hamda fuqarolarga yetkazilgan zararni aniqlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Golden cash store MChJ Tergov departamenti xabarida aytilganidek 2020 yil emas, 2021 yil 15 yanvarda ta’sis etilgan. Korxona asosiy faoliyat yo‘nalishi sifatida soatlar va zargarlik buyumlari chakana savdosi qayd etilgan. Shuningdek, korxona ta’sischisi Maksim Muntyan hisoblanadi.

Avvalroq, «Avto oltmish oy» MChJ mansabdor shaxslari JKning 188-1-moddasi bilan javobgarlikka tortilgandi.

Mavzuga oid