O‘zbekiston | 17:37 / 02.12.2021
25983
9 daqiqa o‘qiladi

Ehtiyojmand aholiga uy olishda dastlabki to‘lov uchun 32 mln so‘mlik subsidiyalar beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholini arzon va sifatli uy-joy bilan ta'minlash uchun qo‘shimcha pullar berilishi va imtiyozlar yaratilishini ma'lum qildi.

Foto: Kun.uz

Davlat rahbari ishtirokida aholini arzon va sifatli uy-joy bilan ta'minlash masalasida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

«Inson qadri deganda aholini uy-joy bilan ta'minlash juda muhim. Aholini arzon va sifatli uy-joy bilan ta'minlash uchun qo‘shimcha pullar beramiz, imtiyozlar yaratamiz. Odamlarga uy-joy qilsak bizdan rozi bo‘ladi, inson qadri shu aslida.

O‘tgan kuni aholini uy-joy va yashash manziliga yaqin joylarda ish joylari bilan ta'minlash bo‘yicha, «Yangi O‘zbekiston massivlari»ni barpo etish dasturi loyihasini muhokama qilib oldik. Dastur loyihasi qayta ko‘rib chiqilib, eng og‘ir tumanlar tanlandi. Massivlar soni ham 29tagacha ko‘paytirildi.

Xabaringiz bor, bundan ikki yil oldin ipoteka tizimi tubdan isloh qilindi. Birinchi navbatda, aholiga o‘zlari istagan uy-joyni sotib olish imkoniyati yaratildi, avvallari, aholi sanoqli quruvchi qurgan bir xil namunadagi uy-joylardan olishga majbur edi.

Natijada, sohaga sifat va raqobat kirib keldi, hududlarda zamonaviy arxitektura yechimlariga ega loyihalar paydo bo‘ldi. Shu orqali, ipoteka dasturlari doirasida yiliga 35 ming xonadonli uy-joylar qurilmoqda. Bu oldingi yillarga nisbatan 2 baravar ko‘p, degani.

Shunday bo‘lsa-da, yangi tizimda hali o‘z yechimini topmagan ko‘plab masalalar mavjud. Masalan, ipoteka bozorida qurilayotgan uy-joylar soni talabga nisbatan ancha kam. Chunki 27 yil uy qurmaganmiz. Haliyam bir hovlida 3-4talab oila yashayapti. Xususan, Xonqa tumanida 5 mingta yangi uy-joyga talab bo‘lsa-da, kelgusi yilda atigi 464ta (talabning 9 foizi) uylar qurish reja qilingan.

Bundan tashqari, bugungi kunda joylashgan joyi yoki narxi aholiga nomaqbul bo‘lgani uchun, qiymati 255 milliard so‘mlik 950ta qurilgan xonadon sotilmasdan turibdi. Surxondaryoda – 292 ta, Sirdaryoda – 189 ta, Qoraqalpog‘istonda – 174 ta, Farg‘onada – 167 ta. Ipoteka uchun budjetdan ajratilgan 1,1 trillion so‘m subsidiyalardan, 220 milliard so‘m (20 foiz) ishlatilgan, xolos», deya e'tiroz bildirdi davlat rahbari.

Kelgusi yilda ipoteka dasturlari doirasida 50 mingga yaqin xonadonli uy-joylar quriladi. Bunga qariyb 13 trillion so‘m maqsadli kredit va 1,3 trillion so‘m subsidiya ajratiladi.

«Respublika bo‘yicha 36 mingdan ziyod ijobiy xulosasi bor oilalarga 900 milliard so‘mdan ziyod subsidiyalar to‘lanmay turibdi. Buning sababi, aholi tomonidan talab yuqori bo‘lgan o‘rta me'yordagi uylar bo‘yicha quruvchilar bozorga yetarli taklif chiqarmayapti.

Misol uchun, Samarqand viloyatida hokimiyat tashabbus qilib, loyihachi, quruvchi va bankning «boshini birlashtirib», hamyonbop uylarni qurishni tashkil etgan. Bu orqali subsidiyadan foydalanish va kreditlarni o‘zlashtirishning eng yuqori ko‘rsatkichi Samarqandda (kredit – 85 foiz, subsidiya – 60 foiz).

Nima uchun, Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Sirdaryo, Xorazm va Toshkent viloyati (o‘zlashtirish 5 foizdan past) rahbarlari ishlarni bunday tashkil eta olmaydi?

Uy-joylar quriladigan massivlar ro‘yxati aprel oyida tasdiqlangan bo‘lsada, yer uchastkalari o‘z vaqtida auksionga chiqarilmagani bois, Toshkent viloyatida – 2,7 ming, Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo va Xorazmda – 1,5 ming xonadonli uy-joylar qurilishi boshlanmagan. Oqibatda, davlatdan maqsadli kreditlar uchun ajratilgan 4,5 trillion so‘m mablag‘ (50 foiz) o‘zlashtirilmasdan turibdi.

Toshkent shahrida – 793 milliard so‘m (64 foiz), Ortiqxo‘jayev bugun o‘zi tushuntirish bersin, Qashqadaryoda – 204 milliard so‘m (66 foiz), Toshkent viloyatida – 120 milliard so‘m (82 foiz), Qoraqalpog‘istonda – 119 milliard so‘m (60 foiz) mablag‘ o‘zlashtirilmay turibdi», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yig‘ilishda ma'lum qilinishicha, kelgusi yilda ipoteka dasturlari doirasida 50 mingga yaqin xonadonli uy-joylar quriladi. Bunga qariyb 13 trillion so‘m maqsadli kredit va 1,3 trillion so‘m subsidiya ajratiladi.

«Bu dastlabki hisob-kitoblar. Agar talab bo‘lsa, yana qo‘shimcha resurs ajratiladi. Buning uchun, aholi va quruvchi tadbirkorlarga ipoteka tizimi va qurilish sohasida bo‘ladigan yengillik, qulaylik va imkoniyatlar beriladi.

Birinchidan, bugungi kungacha, ipoteka kreditlari va subsidiya olishda, uy-joy maydoni va narxi bilan bog‘liq cheklovlar bor edi (maydoni – 70 kvadrat metrgacha, narxi – 400 million so‘mgacha). Bundan buyon, ipoteka kreditlari shartlaridan ushbu cheklovlar chiqarib tashlanadi.

Endi, sotib olinadigan xonadonning maydoni va narxidan qat'i nazar, ehtiyojmand aholiga dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun 32 million so‘m subsidiya to‘lanadi», degan prezident.

Shavkat Mirziyoyevning ma'lum qilishicha, ipoteka kreditini olishda, qarindosh bo‘lmagan fuqarolarning kafil bo‘lishiga ruxsat beriladi.

«Ehtiyojmand aholi tomonidan kreditni qaytarishda foizning davlat tomonidan qoplab beriladigan subsidiya miqdori barcha hududlar uchun bir xilda 10 foiz etib belgilanadi. Hozirda viloyatlarda 10 foiz, Toshkent shahrida 12 foizdan yuqori qismi qoplab berilmoqda.

Subsidiyalar yakka tartibdagi uy-joy qurish va ta'mirlash uchun olingan kreditlar uchun ham beriladi. Ya'ni uy-joy hovlisini kengaytirish, eski uyini buzib, 2 qavatli qilish orqali zamonaviy qiyofaga keltirish istagida bo‘lgan fuqarolarimizga kreditning 10 foizdan yuqori qismiga subsidiya beriladi.

Shuningdek, ipoteka kreditini olishda, qarindosh bo‘lmagan fuqarolarning kafil bo‘lishiga ruxsat bersak, bu ham adolatdan bo‘ladi (bugungi kunda faqat yaqin qarindoshlar kafil bo‘la oladi).

Kelgusi yildan ijtimoiy ahvoli og‘ir xotin-qizlar, chin yetimlar va nogironligi bo‘lganlarga, ikkilamchi bozordan ham uy-joy olishlariga imkoniyat yaratiladi. Aholiga qulayliklar yaratish maqsadida yangi qurilgan uylar to‘g‘risidagi ma'lumotlar, ularni rasmiylashtirish, subsidiya va kredit ajratish xizmatlarini bitta joyda ko‘rsatish markazlari tashkil etiladi.

Odamlarimiz qaysi hududda yoki qaysi quruvchida maqsadli ipoteka shartlariga to‘g‘ri keladigan xonadon bor deb, o‘ylanib yurmasligi kerak. Shu bois, bir oy muddatda poytaxtning kamida 5ta, har bir viloyatlarning esa, 2tadan hududda barcha xizmatlarni jamlagan markazlar tashkil qilinadi», degan davlat rahbari.

Shuningdek, aholi mablag‘larini qurilishga jalb qilishni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi «maqsadli ipoteka omonati» mexanizmi joriy etiladi.

Bunda:

  1. «xaridor – bank – quruvchi» o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi;
  2. uy-joy xarid qilmoqchi bo‘lgan fuqaro bankda omonat ochib, uni to‘ldirib boradi;
  3. badal summasi shakllanganda, unga ipoteka krediti rasmiylashtiriladi;
  4. tijorat banki omonat mablag‘larini quruvchi tashkilotga kredit sifatida ajratadi.

Ya'ni xaridor bank orqali quruvchini moliyalashtiradi, bank esa uyni xaridorga vaqtida topshirilishiga kafil bo‘ladi.

«Shuningdek, pudratchilarga qurilishi tugallanmagan, tom qismi yopilgan ko‘p kvartirali uy-joylarni kredit ta'minoti sifatida garovga qo‘yishga ruxsat etiladi.

Tadbirkorlik jamg‘armasi tomonidan qurilish tashkilotlariga kafillik va kompensatsiya to‘lash muddati uzaytiriladi.

Bunda, kafillik va kompensatsiyalar qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joydagi kamida 70 foiz xonadonlar maydoni 70 kvadrat metrdan oshmagan taqdirda beriladi.

Uy-joylar qurish uchun, reytingda yuqori o‘rinlarda bo‘lgan pudratchi tashkilotlarga yerni auksiondan sotib olish to‘lovini avval 30 foizini, qolgan summani esa 12 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi», deya prezident so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid