O‘zbekiston | 10:16 / 04.12.2021
12325
4 daqiqa o‘qiladi

Prokuratura Xorazm viloyatidagi tender bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi haqida ma'lumot berdi

Foto: Kun.uz

Xorazm viloyati prokuraturasi qurilish obektlari bo‘yicha tenderda viloyat hokimi o‘rinbosarining ukasi rahbarlik qilayotgan tashkilot g‘olib bo‘lganligi haqidagi xabarga munosabat bildirdi.

«Xorazm viloyati prokuraturasi tomonidan 2021 yil fevral oyida «Xorazm invest xolding» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «a, v» bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Tergov davomida «Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish» bo‘yicha 20 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasi yuzasidan o‘tkazilgan tenderda Xorazm viloyati hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bahrom Qurbonov raislik qilganligi va tender natijasi bo‘yicha uning ukasi Ulug‘bek Qurbonovga tegishli bo‘lgan «Bunyodkor» MChJ g‘olib bo‘lganligi holati tegishli mutaxassislar ishtirokida o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasining buyurtmasi asosida Qurilish vazirligining «Xorazm viloyat qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish hududiy konsalting markazi» tomonidan o‘tkazilgan, boshlang‘ich narxi 20,3 mlrd so‘m bo‘lgan «Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish» obekti bo‘yicha «Bunyodkor» MChJ, «Urganch qurilish beton» MChJ va «Irdimzon qurilish» xususiy korxonasi tomonidan ofertalar taqdim qilingan. 2020 yil iyun oyidagi tender natijalariga ko‘ra, «Bunyodkor» MChJ 20,1 mlrd so‘m taklif qilgan holda 100 ball to‘plab, tanlovda g‘olib bo‘lgan.

Shuningdek, ushbu tenderda komissiya raisi Bahrom Qurbonov xizmat safarida bo‘lganligi sababli ishtirok qilmagani hamda «Bunyodkor» MChJ nomidan jamiyat vakili B.Saidov ishonchnoma asosida qatnashgani aniqlangan.

Bundan tashqari, tender hujjatlari Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, tender qonuniy o‘tkazilgani, tender hujjatlarini baholash to‘g‘ri amalga oshirilgani, shu sababli tender savdosini noqonuniy o‘tkazilgan deb hisoblash mumkin emasligi haqida xulosa taqdim qilingan.

Qayd qilinganlarga ko‘ra, tender tanlovida biror shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmagani sababli, jinoyat ishining viloyat hokimi o‘rinbosari Bahrom Qurbonov va «Bunyodkor» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan bo‘lgan bir qismi Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatilgan.

Shuningdek, tender natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishda yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi hamda «Xorazm viloyat qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish hududiy konsalting Markazi»ga taqdimnomalar kiritilgan», deyiladi munosabatda.

Mavzuga oid