O‘zbekiston | 11:16 / 07.12.2021
12507
3 daqiqa o‘qiladi

To‘ra Bobolov ikki tuman hokimi va viloyat hokimi o‘rinbosarlariga intizomiy jazo qo‘lladi

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

To‘ra Bobolov ikki tuman hokimi va viloyat hokimi o‘rinbosarlariga intizomiy jazo qo‘llagan. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, viloyat hokimligida videoselektor tarzida navbatdagi hokimlik soati yig‘ilishi o‘tkazilgan. Unda viloyat hokimi o‘rinbosarlari, hokimlik apparati mas'ul xodimlari, shahar, tumanlar hokimlari, sektorlar, aloqador boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Yig‘ilishda 2021 yilda turli davlat dasturining ijrosi hamda mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha sektor rahbarlari tomonidan olib borilayotgan ishlar holati ko‘rib chiqilgan.

Kun tartibidagi masalalar muhokamasi chog‘ida berilgan topshiriqlar bajarilishiga mas'uliyatsizlik bilan yondashgani, Ijro.gov.uz elektron tizimiga yetarli asosga ega bo‘lmagan ma'lumotlarni kiritish holatlari kuzatilgani hamda Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun viloyat hokimining o‘rinbosarlari, kotibiyat mudiri va tuman hokimlariga turli darajadagi intizomiy jazo choralari qo‘llangan.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Jumladan, viloyat hokimining o‘rinbosari Ilhom Saparov hamda kotibiyat mudiri Farrux Mirzayevga nisbatan hayfsan intizomiy jazosi, viloyat hokimi o‘rinbosari Alisher Xidirovga o‘rtacha oylik ish haqining o‘n foizi miqdorida, Qiziriq tumani hokimi Ilhom Yusupov hamda Termiz tumani hokimi Shuhratjon O‘rinovga o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizi miqdorida jarima jazosi belgilangan.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Eslatib o‘tamiz, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi barcha viloyat, tuman va shaharlardagi hokim va hokim o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (YeMSK, KPI) asosida baholab chiqqandi. Unga ko‘ra, 2021 yilning 2-choragi reytingida respublikadagi eng qoloq 10ta tuman (shahar) hokimlarining 7tasi Surxondaryoga to‘g‘ri kelgan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid