O‘zbekiston | 11:34 / 09.12.2021
14279
7 daqiqa o‘qiladi

Qoidabuzarlikning ayanchli oqibatlari: 16-shifoxonadan maxsus reportaj

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga har kuni dahshatli YTHga uchragan bemorlar olib kelinadi. Bu yerda yosh bolalar “avariya” sabab koma holatida yotibdi, ko‘plab bemorlar singan tana a'zolari og‘rig‘idan azoblanyapti. Kun.uz haydovchi va piyodalarni ogohlikka chorlash maqsadida shifoxonadagi odatiy holatni omma e'tiboriga havola etadi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida bir qancha kasalliklar bo‘yicha tez tibbiy yordam ko‘rsatish barobarida yo‘l-transport hodisalariga uchragan og‘ir ahvoldagi bemorlar samarali davolab kelinmoqda.

Kun.uz muxbiri Toshkent shahar YHXB axborot xizmati boshlig‘i Qahramon Xudayberganov bilan markazning Travmatologiya hamda Bolalar jarohatlari xirurgiyasi va neyroxirurgiya bo‘limlarida bo‘lib, ichkaridagi vaziyatni o‘rgandi.

Foto: Kun.uz

YTH sabab og‘ir jarohatlangan bemorlar davolanayotgan mazkur bo‘limlarda kimlardir koma holatida, ayrimlar esa avtomobil bilan to‘qnashuvdan sinib ketgan tana a'zolari og‘rig‘idan azobda. “Hammasi bir lahzada yuz berdi”, deydi avtomobil bilan to‘qnashuv natijasida oyoq-qo‘li, qovurg‘alari singan va miyasi chayqalgan bemorlardan biri.

Erkin Valiyev / Foto: Kun.uz

Shifokor-travmatolog Erkin Valiyevning aytishicha, bemor Alisher Daliyev yuk mashinasi haydab ketayotib rulda uxlab qolgan va borib yuk mashinasiga urilgan.

“Uning oyoq panjasi, boldir va tos suyaklari singan, ko‘krak qafasi va boshi jarohatlangan”, deydi Travmatologiya bo‘limi boshlig‘i.

Foto: Kun.uz

“Rulda uxlab qoldim va oldimda ketayotgan yuk mashinasiga urildim. Keyin ortimdan kelayotgan mashinalar to‘xtab, odamlar “tez yordam” chaqirishdi va kasalxonaga olib kelishdi. Hozir ahvolim ancha yaxshi. Kam dam olganim sababli rulda uxlab qoldim. Kuniga 12-18 soat mashina haydayman”, dedi haydovchining o‘zi.

 Foto: Kun.uz

Ayni paytda bir qancha salbiy tashxislar bilan davolanayotgan Mirkomil Mirzaydboyev avtomobil yo‘lini belgilanmagan joydan piyoda kesib o‘tayotganda halokatga uchragan.

“14 noyabr kuni kechki payt soat 21:30 da ko‘chadan o‘tayotgan joyimda bir mashina urib ketdi. Yaqinlarim kasalxonaga olib kelishdi. Shifokorlar miya chayqalishi, qo‘limning 3 ta joyi singanini aytishdi. Operatsiyalar o‘tkazildi. Hozir ahvolim nisbatan yaxshi”, deydi u.

Toshkent shahar YHXB axborot xizmati boshlig‘i Qahramon Xudayberganov belgilanmagan joydan o‘tmoqchi bo‘lgan piyodalar bilan bog‘liq YTHlar yil boshidan beri 50 marta yuz berganini, oqibatda 5 kishi hayotdan ko‘z yumganini aytdi.

Qahramon Xudayberganov / Foto: Kun.uz

“2021 yil yanvar-noyabr oylarida tartibga solingan piyodalar o‘tish joylarida 85 ta YTH qayd etilgan va oqibatda 14 nafar inson halok bo‘lgan, 76 kishi jarohatlangan”, deydi u.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2021 yilning yanvar-oktyabr oylarida respublikada 7 681 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Oqibatda 1 964 kishi vafot etgan, 6 886 nafar inson jarohatlangan. YTH ishtirokchilarining 3 441 nafari piyodalar, 1 268 nafari esa bolalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Markazning Bolalar jarohatlari xirurgiyasi va neyroxirurgiya bo‘limida YTH sababli koma holatida yotgan bolalar bir nechta. Ularning hayotga qaytishi noma'lumligicha qolmoqda.

Malika Muhammedova / Foto: Kun.uz

Ayni paytda hushsiz holatdagi bemor 4 yoshli Marjona Muhammedovaning onasi Malika Muhammedova farzandi bilan yuz bergan YTH haqida gapirib berdi.

“14 sentyabrda bog‘chadan chiqib yo‘ldan o‘tayotganimizda qizimni Spark urib ketdi. Rulda ayol kishi edi. Qizimni bosh miya chanog‘i maydalanib ketgan, suyak singanda miya pardasini yirtib yuborgan ekan. Mashina bosib o‘tganda o‘pkasi ezilgan. Qovurg‘a singani hisobiga qora taloqni yorib yuborgan. Operatsiya jarayonida qora talog‘ini olib tashlashdi.

O‘tgan 3 oy ichida bolamning boshini 3 marta operatsiya qilishdi. Hali ham o‘ziga kelgani yo‘q. Haydovchilarni yaxshilab o‘qitib, sinab ko‘rib, keyin “prava” berish kerak. Bu darajada ko‘p “avariya” bo‘ladi deb o‘ylamagan edim. Shu yerga kelib ko‘rdimki, “avariya”lar juda ko‘p bo‘lar ekan. Ota-onalardan bolalarining qo‘lidan ushlab yo‘ldan olib o‘tishlarini so‘rab qolardim”, dedi g‘amgin ona.

Umuman olganda, shifoxonadagi bemorlar jonidan o‘tayotgan og‘riqlar, ko‘zlaridagi ma'yuslik inson yuragini ezib yuboradi. Bunday musibatlar, afsuski, yuqoridagi raqamlarda ko‘ringanidek, yiliga bir necha minglab marta takrorlanmoqda.

Ko‘pincha haydovchilarning yo‘l qoidalariga amal qilmasligi piyodalarni azobli og‘riqlarga duchor etyapti. Bu insonlar dard chekishi ortidan birgina o‘zlari emas, yaqinlari ham iztirobda.

YTHlar soni haddan tashqari ko‘pligiga, bizningcha, haydovchilarda bilim yetarli bo‘lmasa-da, ularga haydovchilik guvohnomasining berilishi, imtihonlar shaffof va ishonchli o‘tkazilmagani, tizimdagi korrupsiya sabab bo‘lmoqda.

Kimlarningdir yo‘l qo‘ygan kamchiligi yoki cho‘ntagini o‘ylab qilgan noqonuniy xatti-harakati tufayli minglab insonlar aziyat chekmoqda. Qolaversa, respublikada avtomobillar sonining yiliga 300 mingtaga ortib borayotgani va ularni xavfsiz yo‘llar bilan ta'minlash choralari ko‘rilmayotgani muammoni yanada chigallashtirmoqda.

Albatta, ta'lim sohasi yoshlarga yo‘lda harakatlanish madaniyatini shakllantirishda oqsayotganini ham ta'kidlash o‘rinli. Umuman olganda, yuqoridagi tizimli muammolar o‘z vaqtida hal etilmas ekan, beayb odamlar azob chekishda davom etaveradi, ota-ona farzandidan, bolalar ota-onasidan ayrilaveradi yoki ularni mayib holida ko‘rib yuragi yezilaveradi.

Hurmatli va hurmatsiz qoidabuzar haydovchilar! Yo‘l-harakati qoidalariga amal qiling! O‘zingiz, atrofdagilar hayoti va sog‘lig‘i sizga bog‘liqligini unutmang.

Islombek Umaraliyev, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Abduqodir To‘lqinov

Mavzuga oid