O‘zbekiston | 19:07 / 19.12.2021
15237
11 daqiqa o‘qiladi

«Korrupsiyaga qarshi kurashga qarshi kurash» – Blogerlarning hafta mavzulari  

Yakunlangan haftada o‘zbek blogosferasining e’tibori orginfo.uz sayti muallifini sudga bergan Statistika qo‘mitasiga qaratildi. Jamoatchilik faollari dasturchi yigit tomonidaligini bildirmoqda.

Foto: AP

17 dekabrda yuridik shaxslarning elektron reyestrini yurituvchi orginfo.uz sayti asoschisi Bobomirzo Hamroqulovga nisbatan ichki ishlar organi tomonidan ma’muriy ish ochilgani yuzasidan maqola e’lon qilindi. Bunga Davlat statistika qo‘mitasining arizasi sabab bo‘lgani aytildi.

Bu jamoatchilik faollarining tanqidlariga sabab bo‘ldi.

Asossiz ayblov: Statistika qo‘mitasi o‘zi eplolmagan ishni qilgan sayt asoschisi ustidan shikoyat kiritdi

Huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev dasturchiga qo‘yilgan ayblov asossizligiga e’tibor qaratdi.

«Statistika qo‘mitasi o‘zi shuncha yildan buyon eplolmayotgan ishni qilgan orginfo.uz sayti asoschisi ustidan shikoyat kiritibdi. Ayblov esa asossiz.

Bu qanaqa sayt?

Internetda orginfo.uz degan sayt bor. Unda korxona, tashkilotlar va MChJlar, ularning ta’sischilari, direktori, ochilgan sanasi va boshqa ma’lumotlarni olish mumkin. Bu sayt oddiy bir dasturchi o‘zbek yigiti tomonidan yaratilgan. Saytdagi ma’lumotlar osmondan olinmaydi, to‘qib chiqarilmaydi yoki qandaydir hakerlik usuli orqali o‘g‘irlab olinmaydi. Shunchaki Davlat statistika qo‘mitasining stat.uz saytidagi OChIQ VA RASMIY MA’LUMOTLAR bazasidan oladi.

orginfo.uz afzalligi nimada?

Xo‘sh, orginfo.uz sayti shunchaki Statistika qo‘mitasi bazasining dublikati bo‘lsa, unda nima muammo? Gap shundaki, Statistika qo‘mitasi saytidan ma’lumot qidirish juda qiyin va noqulay. Masalan, stat.uz saytidan biror MChJ haqida ma’lumot olish uchun uning STIR (INN) raqamini bilishingiz kerak. Bundan tashqari, MChJ ta’sischilarining boshqa firmalarini topib bo‘lmaydi. Yoki ism-sharif orqali ma’lumot topishning ham iloji yo‘q.

orginfo.uz saytida esa aksincha, amaldorlarning ism-familiyalarini yoki shunchaki firma nomlarini yozgan holda ma’lumotlarni oson va qulay topish mumkin. Bundan tashqari, bu sayt Intellektual mulk agentligining savdo belgilari bo‘yicha ochiq bazasi bilan ham integratsiya qilgan. Shunchaki oddiy misol mana bu.

Muammo nimada?

Statistika qo‘mitasi o‘zining qo‘lidan kelmagan ishni qilgani uchun orginfo.uz saytidan xafa bo‘lgan shekilli, ustidan shikoyat qilibdi. Bunga asos qilib, orginfo.uz sayti har 10 kunda yangilanishi, bu muddat ichida ayrim firmalar ma’lumoti o‘zgarib qolgan bo‘lishi, bu esa ikki xil ma’lumotni ko‘rgan investorlar va boshqalarda ishonchsizlik paydo qilishini aytishibdi.

U qanaqa ahmoq investorki, davlatning rasmiy tashkiloti bazasi bo‘la turib, har 10 kunda yangilanadigan va bu haqda ogohlantirib yozib qo‘ygan norasmiy saytga ishonsa? Xullas, yemagan bahona.

Undan ko‘ra, ayrim kattakonlarga shubhali tenderlarda g‘olib bo‘layotganda, davlatning katta mulklarini sotib olayotganda yoki boshqa holatlarda jurnalistlar, blogerlar va keng aholi osongina ularning biznesi haqida ma’lumot topayotgani yoqmayapti, deb qo‘ya qolinglar.

Nima ayb qo‘yilmoqda?

orginfo.uz saytini yaratgan dasturchi Boburmirzo Hamroqulovga nisbatan Andijon viloyati Asaka tumani IIB tomonidan MJtKning 202-2-moddasi (yolg‘on axborot tarqatish) bo‘yicha ma’muriy ish ochilibdi. Ammo bu ayb mutlaqo asossiz qo‘yilgan, deb hisoblayman. Ichki ishlar xodimi yoki shoshib qolgan, yoki malakasizlik qilgan.

202-2-moddada shunday deyiladi: «Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish».

Xo‘p, orginfo.uz saytida qanday yolg‘on xabar tarqatilgan? Va bu ma’lumot kimning qadr-qimmatini kamsitibdi? «Milliard tuda, milliard suda» qilayotgan kattakonlarningmi?

Yana bir gap: davlat tashkiloti, umuman olganda birorta yuridik shaxs qadr-qimmati kamsitilgani haqida shikoyat qila olmaydi. Chunki tashkilotning qalbi bo‘lmaydi va o‘z-o‘zidan qadr-qimmati ham yo‘q. Bu modda bilan ish ochish uchun o‘sha qadr-qimmati kamsitilgan ShAXSning shaxsan o‘zi ariza yozishi kerak. Xo‘sh, kim shikoyat yozgan? Shunaqa ariza bormi ichki ishlar qo‘lida?

Korrupsiyaga qarshi kurashga qarshi kurash

Statistika qo‘mitasining bu ishi O‘zbekiston jamiyatida korrupsiyaga qarshi kurashayotganlar, ochiqlik va shaffoflik asosida davlat mulkini talon-toroj qilayotganlarni fosh etayotganlarga qarshi kurash bo‘libdi. Ya’ni ochiqlikni emas, yopiqlikni xohlayotganlarning ishi bu. O‘zining ma’lumotini o‘zidan yaxshiroq va qulayroq berayotganiga alami kelganlarning ishi bu.

Umuman, bugungi Yangi O‘zbekiston siyosati shamoliga va oqimiga qarshi ish.

Umid qilamanki, Andijondagi sudyalarimiz bu holatda adolat va qonun tomonda bo‘lishadi hamda turli bosimlarga uchishmaydi. Dasturchi yigitning harakatlarida hech qanaqa huquqbuzarlik yo‘qligini baralla ayta olishadi. Bunga ishonaman», deb yozdi bloger.

«Statistika qo‘mitasi biznes bilan chatishib ketgan muttaham amaldorlar himoyasiga chiqqanga o‘xshaydi»

Iqtisodchi Otabek Bakirov ham mavzuga e’tibor qaratib, Statqo‘mning harakatlarini tanqid ostiga oldi. 

Foydalanuvchilar biladiki, stat.uz sayti orqali xo‘jalik sub’yekti to‘g‘risida ma’lumot olish imkoniyatlari atayin cheklangan. Ya’ni qo‘mita sayti yuridik shaxslarning manzili, rahbari va ta’sischilari bilan bog‘liq ma’lumotlarni aks ettiradi, xolos.

Qo‘mita saytidan farqli o‘laroq orginfo.uz saytida yuridik shaxs, uning rahbari va ta’sischilarining affillangan shaxslarini ham birato‘la ko‘rsatish imkoniyatlari mavjud. Sayt dasturchi Boburmirzo Hamroqulov tomonidan yaratilgan.

Qarangki, Statistika qo‘mitasi orginfo.uz sayti yaratuvchisi ustidan IIVga shikoyat qilibdi.

Shunaqa chidamaslik bo‘ladimi? Bu nima o‘zi? Statistika qo‘mitasi kimni himoya qilyapti?

Vakolatlarini shaxsiy va qarindosh urug‘i bilan boyish uchun ishlatib yotgan, biznes bilan chatishib ketgan, har qadami manfaatlar to‘qnashuvidan iborat amaldorlar keti ochilib qolayotganidan shunchalar tashvishdami?

Qachondan buyon ochiq ma’lumotlar asosida servis yaratish qonunbuzarlik bo‘lib qoldi?

Uyat, qisqasi. Yangi O‘zbekistonni sharmanda qilish uchun yana nimalar qilmoqchisizlar?» deb yozdi u.

«Statistika qo‘mitasining o‘rnida bo‘lganimda bu yigitni ishga olardim»

Iqtisodchi va «Zametki ekonomista» kanali muallifi Botir Qobilov ochiq ma’lumotlarni olishga qulaylik yaratganlarga to‘siqlar emas, rag‘bat kerakligi haqida yozdi.

«Bir yosh dasturchi ochiq ma’lumotlarni olib, manbasini ko‘rsatib foydalanuvchilarga qulay sahifa yaratgan ekan. Natija nima deysizmi? Sudga berilibdi… Agar men Statistika qo‘mitasining o‘rnida bo‘lganimda bu yigit qilgan foydali loyihasi uchun uni sudga berish o‘rniga ishga tezda olgan bo‘lar edim. Agar haqiqatan ham loyihasining kamchiligi bo‘lsa unga yordam, maslahat bergan bo‘lar edim.

Qimmatli kadr emasmi bu? Qo‘mitada resurslar, shu jumladan ishchi resurslari ham cheklanganini inobatga olsak, o‘z ishini biladigan kadrlar kamida zarar qilmasdi.

Yosh talaba tekinga qilibdi shu sahifani, beg‘araz niyatlar bilan. Aminman, bu va shunga o‘xshash dasturchilarning bilimi va mahorati ish bozorida albatta talabga ega bo‘ladi va rag‘batlantiriladi. Lekin faqat xorijdagi bozordan o‘rin topsa nega dasturchilarimiz ketib qolyapti deb savol bermang.

Avvalroq shu dasturchi temiryo‘llari chipta va jadvallarini biladigan Telegram-bot ham qilgan ekan, u ham bloklanibdi… Xullas, hunari bor ekan, omad tilayman.

Bu yerda gap faqat qo‘mita va shu dasturchi haqida emas, o‘zi umuman olganda mamlakatimizda yosh dasturchilar, IT’ga bo‘lgan e’tibor haqida ko‘p eshitamiz, ko‘ramiz — bu yangilik o‘sha dasturchilarga salbiy messej bo‘lib qolmasligini xohlar edim.

Ochiq ma’lumotlarni olish va undan erkin foydalanishga biroz qulaylik yaratganlarga to‘siqlar emas, rag‘batlar bo‘lishi kerak.

Lekin bu yangilikning bitta ijobiy tarafi bor — dasturchiga e’tirozlar sud orqali bo‘libdi. Avvalgidek telefon yoki norasmiy buyruqlar orqali emas», deb yozdi iqtisodchi.

«Adolatni aytolmayapsizmi, haqiqatni aytganlarga to‘sqinlik qilmang»

Huquqshunos va bloger Zafar Solijonov Statqo‘m orginfo.uz saytini yaratgan dasturchi yigit himoyasiga har bir faol shoshilishi kerakligini ta’kidladi.

«Befarq bo‘lmaylik. Shu vaqtgacha bir qancha noqonuniy yoki adolatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar olinishida va ularning jamoatchilikka xabar qilinishida bu bolaning hissasi katta bo‘ldi. Respekt!

Jaa tepaga qarab adolatni aytolmayapsizmi, haqiqatni gapirayotganlarning platformasiga ham burun suqmang. Tarix hammasini eslab qoladi», deydi u.

Huquqshunos va bloger Bahodir Ahmedov esa qo‘mita shikoyati asosida ichki ishlar tergovchisi ham osongina ish qo‘zg‘atib qo‘ya qolganiga e’tibor qaratdi.

«Statistika qo‘mitasi yolg‘on axborot tarqatish bo‘yicha boshqa shaxslar ustidan arz qiladigan kunlarga ham kelibmiz. Universitetda bir domlam aytardi, yolg‘onlar uch xil bo‘ladi: yolg‘on - super yolg‘on – statistika!» deb yozdi u.

Kurbanoff kanali muallifi Shuhrat Qurbonov bu borada munosabat bildirar ekan sayt (orginfo.uz) faqat Davlat statistika qo‘mitasi resursidan ma’lumot olishi, bu shunchaki «galochka» uchun emas, odamlar uchun qilinganini ta’kidlaydi.

Mavzuga oid