O‘zbekiston | 10:32 / 24.12.2021
3572
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda erkak tanish ayolni rashk tufayli o‘ldirdi

Termiz shahrida yashovchi erkak tanish ayol bilan rashk sababli janjallashib qolgan va uni pichoqlab o‘ldirgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yil 17 dekabr kuni soat 08:00 larda, Termiz shahar Bog‘ishamol mahallasida yashovchi A.O. o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan, Termiz tuman Soliobod mahallasida yashagan, Termiz shahrida joylashgan xususiy klinikada operator bo‘lib ishlagan Aziza B.ning yashash mahallasiga borgan.

So‘ng u bilan rashk sabab o‘zaro janjallashib, janjal davomida o‘zi bilan olib kelgan qora dastali oshxona pichog‘ini Aziza B.ning ko‘krak sohasiga bir necha marotaba sanchib olgan. Oqibatda Aziza B. og‘ir tan jarohatlari bilan shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazining Surxondaryo viloyat filialiga olib borilayotgan vaqtda vafot etgan.

Qayd etilishicha, A.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid